Daryo

Ichki muammolar, egoizm va ishonchsizlik — Madridda Alonso davri tugadi

“Real Madrid” rahbariyati jamoa natijalari va ichki vaziyatni inobatga olgan holda Xabi Alonso bilan hamkorlikni yakunlashga qaror qildi. Katta umidlar bilan boshlangan loyiha qisqa vaqt ichida yakuniga yetdi. “Santyago Bernabeu”da navbatdagi yangi davr boshlanmoqda. “Daryo” Madrid klubida murabbiylar almashinuvi tafsilotlariga to‘xtaldi.

9 daqiqa o‘qish3 526 ko‘rishlar0 izoh0

Madridda yana bosh murabbiy almashdi. “Real Madrid” rahbariyati jamoa natijalari va ichki vaziyatni inobatga olgan holda Xabi Alonso bilan hamkorlikni yakunlashga qaror qildi va bu qaror Ispaniya hamda Yevropa futbol jamoatchiligida muhokamalarga sabab boʻldi. Katta umidlar bilan boshlangan loyiha qisqa vaqt ichida yakuniga yetdi va “Santyago Bernabeu”da navbatdagi yangi davr boshlanmoqda.

Alonso jamoani 2025-yil yozidan buyon boshqarib kelayotgan edi. “Qirollik klubi” 44 yoshli murabbiy boshchiligidagi soʻnggi uchrashuvda Ispaniya Superkubogi finalida “Barselona”ga 2:3 hisobida magʻlub boʻldi.

“Madridning ‘Realʼ futbol klubi Xabi Alonso bilan oʻzaro kelishuv asosida jamoa bosh murabbiyi sifatidagi hamkorlik yakunlanganini maʼlum qiladi. Xabi Alonso har doim ‘Realʼ muxlislari ehtiromiga sazovor boʻlib qoladi, chunki u — klub afsonasi. ‘Real Madridʼ har doim uning uyi boʻlib qoladi. Klub Xabi Alonsoga va uning butun murabbiylar shtabiga ushbu davrdagi mehnati va fidoyiligi uchun minnatdorlik bildiradi, faoliyatida esa omad tilaydi”, deyiladi “Real Madrid”ning rasmiy bayonotida.

Shuningdek, Madrid klubi jamoaning yangi bosh murabbiyi sifatida sobiq futbolchi Alvaro Arbeloa tayinlanganini eʼlon qildi.

Foto: Getty Images

Avvalroq Xabi Alonsoning kelajagi “Barselona”ga qarshi Ispaniya Superkubogi finalidagi natijaga bevosita bogʻliq ekani, agar jamoa “El-Klasiko”da yirik hisobda magʻlub boʻlsa, mutaxassis isteʼfoga chiqarilishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan edi. Yirik magʻlubiyat boʻlmadi, biroq isteʼfo yuz berdi.

Xabi Alonso Florentino Peresning 21 yildan ortiq davom etayotgan prezidentlik davrida bir yilni ham toʻliq yakunlamasdan isteʼfoga chiqarilgan oʻninchi bosh murabbiyga aylandi.

44 yoshli mutaxassis 2025-yil kuzdan beri uni qurshab kelayotgan bosimdan qutulgan bir paytda, sovrin uchun oʻtgan oʻyinda “Barselona”ga yutqazish — unga juda qimmatga tushdi.

Alonso uchun qisqa, ammo voqealarga boy davr

Xabi Alonsoning “Real Madrid”dagi murabbiylik faoliyati bir yildan kamroq vaqt davom etdi, biroq katta umidlar bilan kelgan edi. U 2025-yilda “Bayer Leverkuzen”dagi muvaffaqiyatli faoliyatidan soʻng Madridga taklif etilgan va jamoani zamonaviy futbol ruhida qayta qurish vazifasi yuklatilgan edi.

Foto: Getty Images

Dastlabki oylar ijobiy taassurot qoldirdi. “Real” mavsumning dastlabki qismida La Ligada peshqadamlik qildi, jamoa agressiv va tartibli futbol namoyish etdi. Ammo oktyabr oyidagi “El-Klasiko”dagi gʻalabadan keyin beqaror natijalar va ichki muammolar vaziyatni keskinlashtirdi.

Manbalarga koʻra, soʻnggi haftalarda Alonso va klub rahbariyati oʻrtasida taktik yondashuv, transfer siyosati va kiyinish xonasini boshqarish masalalarida ziddiyatlar kuchayib borgan.

Xabi Alonso nega “Real Madrid”ni tark etdi?

Ispaniyaning nufuzli nashrlari — Marca, Relevo va COPE maʼlumotlariga koʻra, Alonsoning ketishiga uchta asosiy sabab bor:

1. Tarkib va transferlar boʻyicha kelishmovchiliklar

Alonso oʻng qanot himoyachisi, yosh tayanch yarim himoyachi va yangi hujumchi transferini soʻragan. Biroq klub rahbariyati mavjud tarkibni saqlab qolish va tijoriy jihatdan jozibador futbolchilarga eʼtibor qaratishni maʼqul koʻrgan.

Foto: Getty Images

Shuningdek, murabbiy akademiya tarbiyalanuvchilari — Niko Pas va Gonsalo Garsiyaga koʻproq imkon berishni istagan, ammo bu qarorlar Florentino Peresning strategik qarashlariga mos kelmagan.

2. Kiyinish xonasidagi taranglik

Alonso professional munosabatni saqlagan boʻlsa-da, ayrim tajribali futbolchilar uning taktik qatʼiyligidan norozi boʻlgan. Vinisius Junior va Rodrigoning rotatsiya hamda pozitsion topshiriqlardan koʻngli toʻlmagani aytilmoqda.

Jud Bellingem ham soʻnggi oʻyinlardagi chuqurroq roli boʻyicha ayrim kelishmovchiliklarga ega boʻlgan, biroq omma oldida murabbiyni qoʻllab-quvvatlagan.

3. Superkubokdagi magʻlubiyatdan soʻng ishonchning yoʻqolishi

Jiddada oʻtgan “El-Klasiko”dagi 2:3 hisobidagi magʻlubiyat hal qiluvchi omil boʻldi. Klub rahbariyatida Alonso ilk mavsumidayoq yirik sovrinlarni qoʻlga kirita oladimi, degan savollar paydo boʻldi.

Foto: Getty Images

Rasmiy jihatdan isteʼfo “oʻzaro kelishuv” sifatida koʻrsatilgan boʻlsa-da, klub Chempionlar ligasi pley-off bosqichi oldidan yoʻnalishni oʻzgartirishni istagani ayon.

Xabi Alonso oʻz vakillari orqali quyidagi bayonotni berdi:

“‘Real Madridʼni boshqarish men uchun katta sharaf boʻldi. Futbolchilar, murabbiylar shtabi va muxlislarga samimiy minnatdorlik bildiraman. ‘Real Madridʼ har doim yuragimda qoladi va klubga kelgusida muvaffaqiyatlar tilayman.”

U Valdebebas bazasida futbolchilar bilan yopiq xayrlashuv uchrashuvi oʻtkazib, har bir futbolchi bilan qoʻl berib xayrlashgani xabar qilinmoqda.

Arbeloa davri boshlanadi

Alonsoning ketishi eʼlon qilinganidan koʻp oʻtmay, 43 yoshli Alvaro Arbeloa yangi bosh murabbiy sifatida tanishtirildi.

“Jamoani boshqarish uchun katta sharaf va masʼuliyat. ʼReal Madridʼ nomi nimani anglatishini bilaman. Futbolchi sifatida yashaganman, endi murabbiy sifatida bor kuchimni beraman”, — dedi Arbeloa

U jamoani darhol mashgʻulotlarga olib chiqadi va hafta oʻrtasida “Albesete”ga qarshi kubok uchrashuvda ilk bor jamoani boshqaradi.

Florentino Peres Arbeloani kiyinish xonasini barqarorlashtira oladigan, klub ruhiyatini chuqur his qiladigan koʻprik sifatida koʻrmoqda.

Alvaro Arbeloa 2025-yil iyun oyidan buyon oʻrinbosarlar jamoasi — “Kastilya”ga murabbiylik qilib kelayotgan edi. U 2020-yildan beri “Real” akademiyasida murabbiylik faoliyati bilan shugʻullanib keladi. Yosh futbolchilar bilan ishlashdagi muvaffaqiyati sababli uning mahorati yuqori baholangan.

Foto: “Sky Sports.com”

Futbolchi sifatida Alvaro Arbeloa Xabi Alonso singari “Real” tarixidagi eng muvaffaqiyatli davrlardan birida klub sharafini himoya qilgan. U 2009–2016-yillar oraligʻida “qirollik klubi” safida 238 ta rasmiy uchrashuvda maydonga tushgan. Shu davr mobaynida 8 ta sovrinni qoʻlga kiritgan: ikki bor UEFA Chempionlar Ligasi, bir marta klublar oʻrtasidagi Jahon chempionati, bir martadan Yevropa Superkubogi, La Liga va Ispaniya Superkubogi, shuningdek, ikki bor Ispaniya kubogida zafar quchgan.

Taktik gʻoya: taraqqiyot va anʼana toʻqnashuvi

Alonso jamoasi pozitsion nazorat va pressingga asoslangan futbol namoyish etdi. Uning 3-4-2-1 tizimi toʻp nazoratini taʼminladi, biroq ayrim tanqidchilar bu tizim individual ijodkorlikni cheklaganini taʼkidladi.

“Real Madrid” tarixan erkinlik va hujumkorlik bilan ajralib turgan. Aynan shu falsafa bilan Alonsoning qatʼiy tuzilmasi oʻrtasidagi ziddiyat vaqt oʻtmay murosasiz holatga keldi.

Futbolchilarning munosabati

Manbalarga koʻra, jamoa ichida his-tuygʻular turlicha boʻlgan. Modrich, Kroos va Karvaxal kabi tajribali futbolchilar Alonsoga professionalligi uchun minnatdorlik bildirgan. Yosh futbolchilar esa Arbeloaning kelishini umid bilan qabul qilgan.

Foto: Getty Images

Relevo nashri xabariga koʻra, Real futbolchilaridan biri Arbeloa klubni, futbolchilarni va ʼReal Madridʼ nimani anglatishini juda yaxshi bilishi. Uning yetakchiligi jamoaga yordam berishini aytib oʻtgan.

The Touchline nashrining xabariga koʻra, Alonsoning isteʼfosi Ispaniya Superkubogi finalida “Barselona”ga qarshi uchrashuvdan soʻng yuzaga kelgan ichki muammolar fonida amalga oshgan.

Qayd etilishicha, final bahsida fransiyalik hujumchi Kilian Mbappening xatti-harakati Alonsoning murabbiylik avtoritetiga jiddiy putur yetkazgan. Maʼlumotlarga koʻra, Alonso oʻyindan soʻng “Barselona” futbolchilari uchun chempionlik yoʻlakchasi tashkil etilishini istagan, biroq Mbappe bunga yoʻl qoʻymagan va jamoadoshlarini maydonni tark etishga chaqirgan. Murabbiy ushbu holatni oʻz vakolatiga toʻgʻridan toʻgʻri tahdid sifatida qabul qilgan.

Jurnalist Pepe Alvaresning maʼlum qilishicha, Xabi Alonso isteʼfo berish qarorini shaxsan oʻzi qabul qilgan. Bunga jamoa ichidagi egoizm, kiyinish xonasida unga nisbatan hurmatsizlik holatlarining koʻpaygani, shuningdek, soʻnggi oylarda klub rahbariyati tomonidan yetarli darajada qoʻllab-quvvatlanmagani asosiy sabab sifatida koʻrsatilmoqda.

Kilian Mbappe esa shunday fikr bildirdi:

“Bu qisqa davr boʻldi, ammo siz bilan ishlash va oʻrganish katta zavq bagʻishladi. Birinchi kundan menga ishonganingiz uchun rahmat. Sizni aniq gʻoyalarga ega, futbolni chuqur tushunadigan murabbiy sifatida eslab qolaman. Keyingi faoliyatingizda omad tilayman”.

Aynan Mbappe Alonso qoʻl ostida super natijalar qayd etdi. U Joriy mavsumda barcha musobaqalarda 24 oʻyinda 29 ta gol va 5 ta assist qayd etgan. La Liga va Yevropa Chempionlar Ligasida toʻpurarlar jadvalida yetakchilik qilmoqda.

Foto: Getty Images

Mbappening azaliy raqibga qarshi chempionlik yoʻlagi tashkil etilishiga qarshi chiqqanini tushunish mumkin. Biroq Alonso isteʼfoga chiqish qarorini ancha avval qabul qilib boʻlgani aniq.

Eng katta zarbalardan biri oʻtgan yil oktyabr oyidagi “El-Klasiko”da yuz berdi. Oʻsha bahsda Alonso Vinisius Juniorni almashtirgach, braziliyalik futbolchi murabbiyga nisbatan ochiq hurmatsizlik qildi. Gʻalabaga qaramay, sarlavhalarni aynan futbolchining ushbu harakati va aytgan gaplari bezadi: Nega doim men, Boʻldi jamoadan ketaman.

Shundan soʻng dunyoning turli nashrlarida futbolchi va murabbiy oʻrtasidagi munosabatlar yaxshi emasligi hamda Vinisiusning klubdan ketishi haqida xabarlar koʻpaydi.

Florentino Peres esa Vinisiusning shartnomasini har qanday holatda ham uzaytirmoqchi. Alonso keyinchalik 24 yoshli yulduz bilan munosabatlarni ancha tikladi, Ammo endi ayon boʻldiki, Peresning murabbiy haqidagi tasavvuri oʻzgarmagan.

Ilgari stadion nomi “Santyago Bernabeu” deb yuritilgan boʻlsa, endi tobora koʻproq rasmiy tarzda shunchaki “Bernabeu”ga oʻzgardi. Bu esa Florentino Peresning oʻzini klub tarixidagi eng buyuk prezident sifatida mustahkamlash istagini anglatadi.

Foto: Getty Images

Murabbiy uchun ilk jiddiy zarba iyul oyida Klublar oʻrtasidagi Jahon chempionati yarim finalida yuz berdi. Oʻsha uchrashuvda “Real Madrid” “Pari Sen-Jermen”ga 0:4 hisobida yirik magʻlubiyatga uchradi.

Sentyabr oyida “Atletiko Madrid”dan 2:5 hisobidagi alamli magʻlubiyat ham Alonsoga navbatdagi zarba boʻldi. Shunga qaramay, bu dekabrgacha jamoaning chempionatdagi yagona magʻlubiyati boʻlib qoldi.

Oktyabr oyida “Barselona” ustidan “El-Klasiko”dagi gʻalabaga qaramasdan, klub prezidenti Florentino Peres Alonsoga toʻliq ishonch bildirayotgani sezilmadi. Murabbiy jamoaga zamonaviy yondashuv olib kirishni rejalashtirgan edi.

Agar Karlo Anchelotti ikki davr davomida “Real Madrid”ni uch marta Chempionlar Ligasi gʻolibiga aylantirgani uchun futbolchilar bilan ishlash mahorati bilan tan olingan boʻlsa, Alonso aynan taktik bilimlari va oʻyin qurishdagi salohiyati sababli tayinlangan edi.

Kilian Mbappening yuqori samaradorligi va La Ligadagi toʻpurarligiga qaramay, jamoa hujumda kamdan kam tomoshabop oʻyinlar namoyish etdi.

Jarohatlar inqirozi fonida “Real Madrid” oʻyinida keskin pasayish kuzatildi. Jamoa uyda “Selta Vigo”ga magʻlub boʻldi, Yevropada “Liverpul” safarida yutqazdi hamda ichki musobaqalarda bir qator durang natijalarni qayd etdi.

Aynan shu davrda Alonso joriy etmoqchi boʻlgan yuqori pressing kabi koʻplab taktik gʻoyalar sekin-asta yoʻqola boshladi. Ispaniya OAVlariga koʻra, ayrim yulduz futbolchilar murabbiy bilan kelishmovchilikka borgani ham bunga sabab boʻlgan.

Braziliyalik qanot hujumchilari Vinisius Junior va Rodrigoning sport formasi keskin tushib ketdi — ular bir necha oy davomida gol ura olmadi.

Foto: Getty Images

Shuningdek, ispan nashrlari dekabr oyida Chempionlar Ligasida “Manchester Siti” ustidan gʻalaba qozonilmasa, Alonso isteʼfoga chiqarilishi mumkinligi haqida yozgan edi.

Madrid Pep Gvardiola boshchiligidagi jamoaga yutqazdi, biroq oʻyindagi koʻrsatkichlar va umumiy yaxshilanish Alonsoga oʻz ishini saqlab qolish uchun yana biroz vaqt berilishiga sabab boʻldi.

“Qirollik klubi” bosh murabbiyi sifatida Alonso oʻtkazilgan uchrashuvlarning 71 foizida gʻalaba qozongan. Bu koʻrsatkich boʻyicha 2021–2025-yillar oraligʻida jamoani boshqargan Karlo Anchelotti 68,8 foizlik natija bilan ikkinchi oʻrinda qayd etilgan. Kuchli uchlikdan Zinedin Zidan ham joy olgan — 60,5 foiz.

“Real Madrid”ni nima kutmoqda?

Arbeloa qoʻl ostida jamoa yana anʼanaviy 4-3-3 sxemasiga qaytishi kutilmoqda — kenglik, tezkor uzatmalar va hujumda erkinlik asosiy tamoyil boʻladi.

Shuningdek, “Kastilya” tarbiyalanuvchilari — Gonsalo Garsiya, Marvel va Niko Pas kabi yosh futbolchilar koʻproq imkoniyatga ega boʻlishi mumkin.

Asosiy maqsadlar aniq: La Ligada “Barselona” bilan oradagi farqni qisqartirish va Chempionlar Ligasida jamoaning ambitsiyalarini qayta yoqish.

Foto: Getty Images

Shu tariqa, Xabi Alonso davri “Real Madrid” tarixida yana bir qisqa, ammo bahsli sahifa sifatida yopildi. Natijalar, ichki ziddiyatlar va klub ichidagi ishonch masalasi oxir-oqibat murabbiy almashinuvi bilan yakun topdi. Endi barcha eʼtibor yangi bosh murabbiy faoliyatiga qaratiladi.

Agar ushbu oʻzgarish jamoa oʻyinida barqarorlikni taʼminlab, natijalarni ijobiy tomonga burishga xizmat qilsa, Florentino Peresning qarori vaqt oʻtib oʻzini oqlagan deb baholanadi. Ammo aksincha boʻlsa, yaʼni muammolar saqlanib qolsa va natijalar yaxshilanmasa, isteʼfoga chiqarilgan murabbiyning yonini oluvchi muxlislar armiyasi tobora kengayishda davom etadi.

Farg‘ona viloyati Bog‘dod tumanida tug‘ilganman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Sport jurnalistikasi fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2025-yil dekabr oyidan beri sport muxbiri lavozimida ishlayman va maxsus videomateriallar, tarjima maqolalar hamda xabarlar tayyorlayman. Sevimli filmim “Forrest Gamp”. “Shamol ortidan yugurib” (Xolid Husayniy) romanini yaxshi koʻraman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar