2026-yil 1-fevraldan boshlab yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdlari chipta narxlari 15 foizga oshiriladi. Bu haqda “O‘zbekiston temiryo‘llari” axborot xizmati xabar berdi.
Qarorga binoan, narxlar oshishi so‘nggi yillarda temiryo‘l tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar va bozor tamoyillariga asoslangan tarif siyosati bilan izohlanmoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, yuqori tezlikdagi elektropoyezdlarga texnik xizmat ko‘rsatish va ehtiyot qismlar xarajatlari sezilarli oshgan. Shuningdek, elektr energiyasi, ekspluatatsiya va infratuzilmani saqlash bilan bog‘liq xarajatlar ko‘paygani, harakat xavfsizligini to‘liq ta’minlash hamda xalqaro standartlar darajasida xizmat ko‘rsatishni davom ettirish zarurati yuzaga kelgan. Elektropoyezdlar infratuzilmasini doimiy modernizatsiya qilish ham asosiy omillardan biri sifatida ko‘rsatilmoqda.
Yangilangan tariflarga ko‘ra, Toshkent—Buxoro yo‘nalishida VIP chipta narxi 1 mln 138 ming so‘m, biznes klass 760 ming so‘m, ekonom klass esa 509 ming so‘m etib belgilandi. Toshkent—Qarshi yo‘nalishida VIP 976 ming so‘m, biznes 642 ming so‘m, ekonom 429 ming so‘m bo‘ladi. Toshkent—Samarqand yo‘nalishida esa VIP chipta 709 ming so‘m, biznes 455 ming so‘m, ekonom klass 311 ming so‘m etib tasdiqlandi.
Shu bilan birga, “Sharq”, “Nasaf” va “O‘zbekiston” yo‘lovchi poyezdlari chipta narxlari ham 15 foizga oshirilgani ma’lum qilindi.
Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2023-yil 10-oktyabrdagi qaroriga muvofiq, 2024-yil 1-yanvardan boshlab, yuqori tezlikdagi va tezyurar poyezdlarda yo‘lovchi tashish tariflarini davlat tomonidan tartibga solish amaliyotidan voz kechilib, ularni bozor mexanizmlari asosida shakllantirish tizimiga o‘tilgan.








