Daryo

O‘zbekistonda bir yilda 15 mln tonnadan ortiq maishiy chiqindi hosil bo‘ldi

Chiqindilarni olib chiqish va sanitariya tozalash xizmatlari uchun aholi tomonidan 1,3 trln so‘mdan ortiq to‘lov amalga oshirildi. Shu bilan birga, ushbu xizmatlar bo‘yicha aholi qarzdorligi 622,7 mlrd so‘mni tashkil etmoqda.

2 daqiqa o‘qish5 853 ko‘rishlar0 izoh1
Maqolani tinglang
0:00
2:12

Ekologiya qo‘mitasi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi 2025-yil davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan brifing o‘tkazdi.

Unda chiqindilarni boshqarish, sanitariya xizmatlari qamrovi, infratuzilmani rivojlantirish hamda sohani raqamlashtirish bo‘yicha asosiy natijalar ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, respublikada mavjud 9 ming 452 ta mahallada yashovchi 37,5 million aholining 8 ming 105 ta mahallasi, ya’ni 23,9 million nafari sanitariya tozalash xizmatlari bilan qamrab olingan. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, mamlakat bo‘yicha jami 15,1 million tonna maishiy chiqindi hosil bo‘lgan. Aholi tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar uchun 1 trillion 304 milliard so‘m to‘lov amalga oshirilgan bo‘lsa, xizmatlar bo‘yicha debitor qarzdorlik 622,7 milliard so‘mni tashkil etgan.

Shu bilan birga, haqiqatda ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun hisoblangan 211,9 milliard so‘mlik noreal debitor qarzdorliklar elektron tizimdan chiqarib tashlangan. Soha faoliyatini shaffoflashtirish maqsadida “Toza Makon” yagona elektron billing tizimi uzluksiz ishga tushirilgani ta’kidlandi.

Infratuzilmani rivojlantirish doirasida 6 ta hududda ekosanoat zonalari, 11 ta hududda esa jami 14 ta qayta yuklash punktlarini tashkil etish ishlari olib borilmoqda. Andijon, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida chiqindilarni termik usulda qayta ishlash orqali elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi zavodlar barpo etilmoqda.

Shuningdek, Toshkent shahri hamda Samarqand va Buxoro viloyatlarida tibbiyot chiqindilarini yoqish orqali issiqlik energiyasi olish loyihalari amalga oshirilmoqda.

Sanitar tozalash korxonalarini moddiy-texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularga 79 ta chiqindi tashish texnikasi va 220 ta chiqindi konteyneri topshirilgan. Bundan tashqari, 3 ming 230 ta maxsus chiqindi tashish texnikasiga GPS qurilmalari o‘rnatilib, transport harakati va xizmatlar sifati nazoratga olingan. 113 ta sanitariya tozalash korxonasi faoliyatining samaradorlik ko‘rsatkichlari muntazam baholanib borilgan.

Brifingda jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan 21 ming 300 dan ortiq murojaat o‘rganilgani ham ma’lum qilindi. Shu bilan birga, ekologik talab va me’yorlarga javob bermagan, umumiy maydoni qariyb 100 gektarni tashkil etuvchi 23 ta qattiq maishiy chiqindi poligonining faoliyati to‘xtatilgan.

Navoiydanman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining Internet jurnalistika yoʻnalishini tamomlaganman. “Daryo”da 2026-yildan buyon Mahalliy xabarlar boʻlimida muharrir sifatida faoliyat yuritib, yangiliklar va jamlanmalar yozaman. Zemekisning “Forrest Gamp” filmini 20 martadan koʻproq tomosha qilganman. Kafkaning “Qalʼa” romanini qayta-qayta oʻqiyman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar