2025-yilning 28-dekabr kuni Eronda boshlangan namoyishlar kun sayin kuchayib bormoqda. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, bir necha kun ichida amalga oshirilgan qirg‘in oqibatida kamida 12 ming kishi halok bo‘lgan. AQSH ma’muriyati esa Eronda namoyishlarning shafqatsizlarcha bostirilishi sababli Tehronga qarshi bir necha variantlarni ko‘rib chiqmoqda. Hatto, AQSH prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiv Vitkoff Eronning so'nggi shohining to'ng'ich o'g'li va Eron muxolifati yetakchisi Rizo Pahlaviy bilan yashirincha uchrashgani aytilmoqda.
“Daryo” siyosatshunos Ravshan G‘oziyev bilan Erondagi namoyishlar to‘lqini qaysi hududlarda keng yoyilgani, tashqi aralashuv omili, Erondagi notinchliklarning qo‘shni mintaqalar, jumladan O‘zbekistonga ta’siri haqida suhbatlashdi.
Namoyishlarning boshlanishi
Erondagi namoyishlar 2025-yilning 28-dekabr kuni birinchi navbatda poytaxt Tehran shahridagi Grand Bazaar (buyuk bozor) va boshqa savdo markazlari – masalan, Alaeddin Shopping Centre va Charsou Mallda sotuvchilar do‘konlarini yopib, iqtisodiy sharoit va valyuta kursining keskin pasayishiga qarshi norozilik belgisi sifatida boshlandi. Keyinchalik namoyishlar butun mamlakat bo‘ylab yoyilgan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, bir necha kun ichida amalga oshirilgan qirg‘in oqibatida kamida 12 ming kishi halok bo‘lgan. Biroq qurbon bo‘lganlarning aniq soni ma’lum emas.
Siyosatshunos Ravshan G‘oziyev Eronda savdogarlar (tujjorlar) har doim siyosiy jarayonlarda muhim rol o‘ynab kelgani, bu safargi namoyishlar Eron Islom respublikasining tayanchi hisoblangan Qum va Mashhad shaharlarida ham kuchli kechgani aytib o'tdi.
“Erondagi namoyishlar 28-dekabr kuni Tehrondagi mashhur Grand bozorda savdogarlarning narx-navoning keskin oshishi, inflyatsiya va milliy valyuta qadrsizlanishiga qarshi chiqishi bilan boshlandi. Keyinchalik bu noroziliklar Isfahon, Kermanshoh, Mashhad, Tabriz, Ahvaz, Sheroz, Hamadon kabi shaharlar orqali butun mamlakatga yoyildi. Dastlab kichik va o‘rta shaharlarda boshlangan harakatlar tez orada yirik markazlarni ham qamrab oldi.Bu ko‘tarilishlarni faqat iqtisodiy omillar bilan izohlash yetarli emas. Noroziliklar fonida ijtimoiy va ekologik muammolar — suvsizlik, ishsizlik, Xuziston, Urmiya va Kermanshoh kabi hududlardagi og‘ir yashash sharoitlari ham muhim rol o‘ynadi.E’tiborlisi shundaki, namoyishlar tarixan rejim tayanchi hisoblangan Qum va Mashhad shaharlarida ham kuchli kechdi. Bu holat Eron Islom Respublikasining asosiy tayanch nuqtalarida ham jiddiy norozilik paydo bo‘lganini ko‘rsatmoqda. Taqqoslash uchun, 1979-yilgi inqilob ham aynan Tehron bozorlaridan boshlangan edi. Eronda savdogarlar (tujjorlar) har doim siyosiy jarayonlarda muhim rol o‘ynab kelgan”, deydi u.
Eronda 30 dan ortiq millat va elat vakillari yashaydi. Mamlakat aholisining 75 foizdan ortig‘ini eroniy tillar oilasiga mansub, eroniy xalqlar tashkil etadi. Eron aholisining 65 foizdan ko‘prog‘ini forslar, taxminan 15 foizini ozarbayjonlar, 10 foizini kurdlar, 6 foizini lurlar, 2 foizini arablar, 2 foizini turkmanlar tashkil etadi. Qolgan 3 foiz esa boshqa millat va elatlarga to‘g‘ri keladi.
Erondagi namoyishlar fonida ayrim ekspertlar mamlakat keyinchalik bir nechta qismlarga bo‘linib ketishi mumkin ekanligini aytishmoqda.
Ravshan G‘oziyev Eron tarixida etnik masala doim dolzarb bo‘lganini esga oldi.
“Eron 90–95 million aholiga ega va etnik jihatdan juda rang-barang davlat. Mamlakatda ozarbayjonliklar (janubiy ozarlar), kurdlar, arablar (Xuziston hududida), luriylar, baxtiyoriylar, qashqayilar, belujilar, turkmanlar hamda Kaspiybo‘yi xalqlari yashaydi. Turkiy xalqlar soni 30 million atrofida deb baholanadi, kurdlar esa 5–10 million oralig‘ida.Eron tarixida etnik masala doim dolzarb bo‘lgan. Ikkinchi jahon urushidan keyin Janubiy Ozarbayjon va Kurdistonda qisqa muddatli mustaqil tuzilmalar paydo bo‘lgan. Xuziston arablari esa neft-gazga boy hududda yashaganiga qaramay, iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik muammolar sabab doimiy norozilik bildirib keladi. Bu hudud aynan Iroq–Eron urushining markazida bo‘lgan.Belujilar va kurdlar masalasi ham murakkab: ular asosan sunniylar bo‘lib, diniy va etnik noroziliklar ko‘p kuzatiladi. Kurd hududlarida “PJAK” kabi qurolli guruhlar faoliyati bo‘lgan, tog‘li relyef esa markaziy hokimiyat nazoratini qiyinlashtiradi. Shu bois bu hududlar Tehron uchun eng muammoli mintaqalardan biri hisoblanadi.
Shuningdek, siyosatshunos Eronda etnik bo‘linish yuz berishi ehtimoli hozircha yuqori emasligini qo‘shimcha qildi.
“Ozarbayjonliklar esa nisbatan qulay sharoitga ega. Tabriz — Tehrondan keyin eng sanoatlashgan hududlardan biri bo‘lib, Turkiya va Ozarbayjon bilan savdo aloqalari kuchli. Shu sababli bu mintaqada iqtisodiy norozilik boshqa hududlarga nisbatan kamroq.Shunga qaramay, Eronda etnik bo‘linish yuz berishi ehtimoli hozircha yuqori emas. Sababi — turli etnik guruhlar mavjud bo‘lsa-da, ularni birlashtirib turuvchi kuchli forsiy davlatchilik an’anasi, umumiy sivilizatsiya qarashi va shia dini omili mavjud. Aynan shu omillar Eronni hozircha etnik parchalanishdan ushlab turibdi”, dedi u.

Erondagi vaziyatning Markaziy Osiyoga ta’siri
Eron — Markaziy Osiyo uchun muhim iqtisodiy yo‘laklardan biridir. Jumladan, O‘zbekiston va qo‘shni davlatlar Eron orqali Janubiy transport va tranzit yo‘llarini rivojlantirmoqda.
Biroq Erondagi ommaviy beqarorlik holatlari transport va logistika yo‘llariga to‘sqinlik qilishi mumkin. Oldingi tahlillar shuni ko‘rsatdiki, mintaqaviy davlatlar, jumladan O‘zbekiston, Eron orqali yuk tashishda yuzaga keladigan xavf va to‘sqinlikni oldini olish uchun muqobil yo‘llarni izlamoqda. Bu transport xarajatlarini 20–30 foizga oshirishi mumkinligi qayd etilgan.
Transport yo‘laklarining uzilishi nafaqat tovar import va eksportiga ta’sir qiladi, balki O‘zbekistonning Janubiy Osiyo va Hind okeaniga eksport yo‘llarini strategik diversifikatsiya qilish rejalariga ham bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
“Erondagi hozirgi inqiroz Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekiston uchun logistik xavflarni oshirmoqda. Mintaqa davlatlari Eron orqali ham quruqlik, ham dengiz yo‘llari bilan savdo olib boradi. Quruqlik orqali Turkiya va boshqa yo‘nalishlar, Ashxobod va Turkmaniston orqali temiryo‘l yoki avtomobil yo‘llari ishlatiladi. Dengiz yo‘llarida esa yuklarning katta qismi Chobohor va Bandar Abbos portlari orqali kiradi. Namoyishlar va ularning salbiy oqibatlari tufayli yuklar vaqtida yetkazilmasligi mumkin.Shu sababli mintaqa boshqa alternativ yo‘llarni — xususan, “O‘rta koridor”ni rivojlantirishga undamoqda. O‘zbekiston hozirda boshqa alternativ yo‘llarni ham rivojlantirmoqda, masalan, Afg‘oniston-Pokiston orqali Karachiga chiqish yo‘li. Ammo Afg‘onistondagi vaziyat va qurilish xarajatlari bu yo‘lning tez ishlashiga to‘sqinlik qilmoqda. Shu sababli hozirgi asosiy yo‘l Chobohor va Bandar Abbos portlari bo‘lib qolmoqda, u orqali O‘zbekistonning asosiy yuklari (oldin Rossiya orqali ham) o‘tadi. Ukraina-Rossiya mojaro sababli shimoliy yo‘llar yopilganidan keyin bu yo‘l yagona muhim muqobil hisoblanadi”, deydi Ravshan G‘oziyev.
Siyosatshunosning fikricha, Erondagi hozirgi vaziyat nafaqat dengiz va quruqlik, balki havo yo‘llarida ham ayrim muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.
“Hozirgi vaziyat nafaqat dengiz va quruqlik, balki havo yo‘llarini ham qiyinlashtirdi. Masalan, Isroil bilan bo‘lgan 12 kunlik urush davrida O‘zbekiston fuqarolari Dubay, Abu Dabi va boshqa Arab davlatlariga ucholmay qoldi, chunki uchish yo‘llari Eron hududi orqali o‘tadi va xavfsizlik tahdidi mavjud. Natijada ular uzoqroq yo‘llar orqali, Afg‘oniston va Pokiston yoki Turkiya orqali borishga majbur bo‘lgan. Bu koʻryapmizki, qisqa yoʻlni uzoqlashtirishiga sabab boʻladi”, dedi mutaxassis.
- Ma’lumot o‘rnida, Eron havo hududi yopilgani sababli 15-yanvar kuni O‘zbekistondan uchgan va O‘zbekistonga uchayotgan bir qator aviareyslar jo‘nash aeroportlariga qaytarildi.
AQSh prezidenti Donald Tramp Eron hukumati namoyishlarga kuch ishlatilsa, harbiy aralashuv ehtimolini inkor etmagan edi. Ayrim ekspertlar Isroil AQShni Eronga qarshi harbiy operatsiyaga undayotganini aytmoqda.
Shu bilan birga, AQSH Eron bilan ziddiyat fonida Qatardagi aviabazani ishga tushirdi. O‘z navbatida, Tehron Vashingtonning Yaqin Sharqdagi ittifoqchilarini agar amerikaliklar Eronga hujum qilsa, ularning hududidagi AQSH bazalariga zarba berishidan ogohlantirdi.
Siyosatshunos Ravshan G‘oziyev AQSH hozirda Eronga to‘g‘ridan to‘g‘ri urushdan ko‘ra, siyosiy bosim va ichki norozilikni qo‘llab-quvvatlash yo‘lini tanlayotganini aytdi.
“AQSh uchun Eronga qarshi to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy operatsiya juda xavfli va murakkab qaror. Eron kichik davlat emas va tashqi hujum ehtimoli ichki norozilikni birdaniga milliy birlikka aylantirib yuborishi mumkin. Buni Isroil bilan bo‘lgan 12 kunlik urushda ham ko‘rdik: tashqi tahdid paytida jamiyat birlashib ketadi. Bu AQSh uchun katta siyosiy risk.Ikkinchi xavf — Eronning javob zarbasi. Tehron ochiq aytgan: agar hujum bo‘lsa, AQShning Yaqin Sharqdagi bazalari va neft infratuzilmasi nishonga olinadi. AQShning Qatar, Quvayt, Iroq, Saudiya Arabistoni va ayniqsa Al-Udeyd (Qatar) bazalari xavf ostida qoladi. Shu bois Qatar hozir vositachilik rolini o‘ynamoqda.Eng xavfli nuqta — Hormuz bo‘g‘ozi. Agar u yopilsa yoki zarba ostida qolsa, jahon neft ta’minotining katta qismi izdan chiqadi. Bu nafaqat global neft inqirozi, balki AQSHning o‘z kompaniyalari uchun ham jiddiy zarba bo‘ladi. Shu sabab AQSH ehtimol to‘g‘ridan to‘g‘ri urushdan ko‘ra, siyosiy bosim va ichki norozilikni qo‘llab-quvvatlash yo‘lini tanlamoqda”, deydi u.
Shuningdek, siyosatshunos Isroil Eronda hokimiyatni o‘zgartirishni istashini va Rizo Pahlaviyni maqbul variant sifatida ko‘rayotganini qo‘shimcha qildi.
“Isroil, albatta, rejim almashuvini xohlaydi va Pahlaviyni maqbul variant sifatida ko‘radi. Eron jamiyatida ham shoh davrini sog‘inadigan qatlam bor. Ammo AQSh bu variantga ehtiyotkorona yondashmoqda. Agar Vashington buni real yechim deb bilganida, allaqachon ochiq qo‘llab-quvvatlagan bo‘lardi. Hozircha AQSh pozitsiyasi shunday: rejim o‘zgarishi bo‘lsa, u asosan eronliklarning o‘z ichki harakati natijasi bo‘lishi kerak.Shu bilan birga, hozirgi vaziyat oldingi noroziliklardan ancha xavfli. Yevropa yetakchilari ham ochiqcha shubha bildira boshladi, diplomatlar chaqirib olinmoqda, AQSh fuqarolariga mamlakatni tark etish tavsiya qilindi. Bu tashqi dunyo ham Eron rejimining kelajagini savol ostiga qo‘ya boshlaganini ko‘rsatadi. Xulosa shuki, yaqin kunlar va haftalar Eron uchun hal qiluvchi bo‘lishi mumkin”, deb xulosa qildi mutaxassis.
Sardor Ali tayyorladi








