Eron hukumati mamlakatda davom etayotgan namoyishlarni bostirish uchun misli ko‘rilmagan kuch ishlatmoqda. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, bir necha kun ichida amalga oshirilgan qirg‘in oqibatida kamida 12 ming kishi halok bo‘lgan. Bu haqda maxfiy manbalar va guvohlar ko‘rsatmalariga, o‘tkazilgan surishtiruviga asoslanib Iran International xabar berdi.
Haqiqatni yashirish uchun “axborot qamali”
Hozirda Eron hukumati nafaqat xavfsizlikni nazorat qilish, balki sodir etilayotgan jinoyatlarni dunyodan yashirish uchun internet “blokada” tizimini joriy etgan. Aloqa vositalari cheklangan, OAV faoliyati to‘xtatilgan.
Mamlakat ichidagi yuzlab milliy va mahalliy gazetalar 8-yanvardan buyon sukut saqlamoqda. Hozirda faqat davlat teleradiokompaniyasi (Eron Islom Respublikasi radioeshittirishi) va xavfsizlik idoralari nazorati ostidagi sanoqli nashrlargina ishlamoqda.
Tarixdagi eng yirik qirg‘in
Iran International tahririyati Oliy milliy xavfsizlik kengashi, prezident administratsiyasi, “Islom inqilobi muhofizlari korpusi” hamda tibbiyot xodimlari va guvohlardan olingan ma’lumotlarni tahlil qilib, quyidagi xulosalarga keldi:
- Eronning zamonaviy tarixidagi eng yirik qirg‘in asosan 8 va 9-yanvar (payshanba va juma) kunlari amalga oshirilgan. Unda kamida 12 000 kishi hayotdan ko‘z yumgan.
- Bu tasodifiy to‘qnashuvlar emas, balki to‘liq tashkillashtirilgan qirg‘in bo‘lgan. Qurbonlarning aksariyati 30 yoshgacha bo‘lganlardir.
- Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘t ochish haqidagi buyruq bevosita oliy rahnamo Oyatulloh Ali Xomanaiy tomonidan berilgan. Hukumatning barcha uchta bo‘g‘ini rahbarlari ushbu rejadan xabardor bo‘lgan va uni ma’qullagan.
- Namoyishchilarga qarshi asosan “Islom inqilobi muhofizlari korpusi” va “Basij” ko‘ngillilar bo‘linmasi kuchlari o‘t ochgan.
Surishtiruv davom etmoqda
“Bu shunchaki ‘inqirozni boshqarish’ emas, balki haqiqat fosh bo‘lishidan qo‘rqishdir”, deyiladi xabarda.
Xavfsizlik idoralari qurbonlar sonini rasman qayd etishdan va e’lon qilishdan qat’iy bosh tortmoqda. Erondagi namoyishlar iqtisodiy qiyinchiliklarga qarshi norozilik sifatida boshlanib, qisqa vaqt ichida butun mamlakatni qamrab oldi va siyosiy tus oldi. Shu bilan bu namoyishlar Islom Respublikasi tarixidagi eng jiddiy inqirozga aylandi. Bundan oldin ushbu hodisalardan halok bo‘lganlar soni 500 dan oshgani haqida xabar berilgandi.








