AQSH prezidenti Donald Tramp Venesuela hukumatini Amerika energetika kompaniyalarining huquqlarini “noqonuniy” ravishda o‘zlashtirib olishda aybladi. Bu haqda davlat rahbari Endryus aviabazasiga 17-dekabr kunidagi tashrifi chog‘ida, jurnalistlarga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Bizga tegishli bo‘lgan hamma narsa tortib olindi”
Trampning so‘zlariga ko‘ra, Karakas ma’muriyati AQSHning energetika sohasidagi manfaatlariga jiddiy zarar yetkazgan va Amerika kompaniyalarini mamlakatdan siqib chiqargan.
“Ular bizning barcha energetika huquqlarimizni tortib oldi. Yaqinda esa barcha neftimizni noqonuniy ravishda olib qo‘yishdi. Venesuelada faoliyat yuritayotgan Amerika kompaniyalari haydab yuborildi”, dedi AQSH prezidenti.
Prezident Vashington bunga jim qarab turmasligini va Venesuelaga “ruxsat berilmagan” ishlarni qilishiga yo‘l qo‘ymasligini alohida ta’kidladi.
“Ular bizning neft huquqlarimizni, bizga tegishli bo‘lgan hamma narsani tortib oldi. Bundan buyon bunday qila olishmaydi. Biz huquqlarimizni qaytarib olamiz”, deya qo‘shimcha qildi u.
Ma’lumot o‘rnida, Tramp 17-dekabr kuni sanksiyalar ostidagi barcha neft tankerlarining Venesuelaga kirishi va undan chiqishiga “to‘liq va mutlaq” blokada joriy etishni buyurgan. U Venesuela hukumatini “xorijiy terrorchi tashkilot” deb e’lon qilgan.
Tramp buni mamlakat “AQSH boyliklarini o‘g‘irlagani, terrorizm, giyohvand moddalar kontrabandasi va odam savdosiga aloqador ekani” bilan izohladi. Venesuela prezidenti bu bayonotga munosabat bildirib, Trampni “mustamlakachilik” ambitsiyalarini yashirganlikda ayblamoqda. Shuningdek, u AQSH prezidentini “qo‘g‘irchoq hukumat” o‘rnatishga urinayotganlikda ayblagan.








