Daryo

2026-yilgi Jahon chempionatida ofsayd sun’iy intellekt yordamida aniqlanadi

Yangi tizim doirasida FIFA barcha futbolchilarning sun’iy intellekt yordamida yaratilgan 3D nusxalarini ishlab chiqadi. Ushbu texnologiya yarim avtomatlashtirilgan ofsayd tizimiga futbolchilarning tana holatini aniqroq qayd etish imkonini beradi.

1 daqiqa o‘qish2 752 ko‘rishlar0 izoh0

Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) 2026-yilgi Jahon chempionatida ofsaydni aniqlash tizimini yanada takomillashtiradi. Bu haqda FIFA prezidenti Janni Infantino The Guardian nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Yangi tizim doirasida FIFA barcha futbolchilarning sun’iy intellekt yordamida yaratilgan 3D nusxalarini ishlab chiqadi. Ushbu texnologiya yarim avtomatlashtirilgan ofsayd tizimiga futbolchilarning tana holatini aniqroq qayd etish imkonini beradi.

“Bu ofsaydni yarim avtomatik aniqlash texnologiyasi — oldinga tashlangan katta qadam. Tizim yanada sifatli tasvirlar, tezkor qarorlar va vaziyatni hammaga tushunarli tarzda ko‘rsatishni ta’minlaydi”, dedi Infantino.

Avvalroq Xalqaro futbol assotsiatsiyalari kengashi (IFAB) 2026-yil 20-yanvar kuni ofsayd qoidalariga o‘zgartirish kiritish masalasini ko‘rib chiqishi xabar qilingan edi. Agar o‘zgarishlar ma’qullansa, yangi qoidalar 2026/27-yilgi mavsumdan boshlab kuchga kirishi mumkin.

Hozirgi qoidalarga ko‘ra, hujumchi futbolchining gol urish mumkin bo‘lgan istalgan tana qismi uzatma vaqtida raqib darvozasiga so‘nggi himoyachidan (darvozabonni ham qo‘shgan holda) yaqinroq bo‘lsa, ofsayd qayd etiladi. FIFA’ning global futbol rivoji bo‘yicha rahbari, “Arsenal”ning sobiq bosh murabbiyi Arsen Venger esa boshqa taklif bilan chiqqan: agar hujumchining gol urish mumkin bo‘lgan tana qismi so‘nggi himoyachi bilan bir chiziqda yoki undan orqaroqda bo‘lsa, bunday holat ofsayd hisoblanmasligi kerak.

Foto: The Telegraph

Ma’lumot uchun, 2026-yilgi jahon chempionati 11-iyundan 19-iyulgacha Kanada, Meksika va AQSH maydonlarida bo‘lib o‘tadi. Musobaqada ilk bor 48 ta terma jamoa ishtirok etadi.

Qashqadaryo viloyatidanman. O’zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Bosma OAV fakulteti, Sport jurnalistikasi yo‘nalishini tugatganman. “Daryo”da 2025-yilning mart oyidan beri ishlayman va xabarlar hamda tahliliy maqolalar yozaman. Har yili Qozog‘istonning “Hokim” kinosini kamida bir marta ko‘raman. Said Ahmadning “Ufq” trilogiyasini sevib o‘qiyman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar