Sovuq ob-havo sabab yana kamida uch nafar g‘azolik bola vafot etdi. Bu haqda Falastin sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi. Halok bo‘lganlar orasida to‘rt yoshli bola, ikki oylik va bir haftalik chaqaloqlar bor.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, qish mavsumi kirib kelganidan buyon sovuq tufayli vafot etgan bolalar soni kamida oltitaga yetgan. G‘azoda joylashgan Hukumat axborot idorasi esa mojaro boshlangan 2023-yil oktyabr oyidan buyon kamida 21 kishi, jumladan, 18 nafar bola sovuq urishidan halok bo‘lganini bildirgan. Ularning barchasi vaqtincha qurilgan lagerlarda yashagan.
Rasmiylar sovuq harorat anklavdagi vaziyatni yanada og‘irlashtirayotganini ta’kidlagan. Ma’lum qilinishicha, bu bolalar, keksalar, ayniqsa, betob insonlar hayotiga jiddiy xavf tug‘dirmoqda.
Vayron bo‘lgan G‘azo
Ikki yilga yaqin davom etgan bombardimonlar sabab anklavda joylashgan minglab turar joy binolari, fuqarolik infratuzilmasi, jumladan shifoxonalar vayron bo‘lgan. Hozir qariyb 1,5 million g‘azolik qishlash uchun yaroqsiz boshpanalarda yashamoqda. Isroil o‘rnatgan qamal sabab hududga chodirlar, vaqtinchalik uy-joylar va isitish vositalarini olib kirish cheklangan. HAMAS bu 2025-yil oktyabr oyida imzolangan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga zid ekani bir necha bor ta’kidlagan.
Xalqaro tashkilotlarga ko‘ra, vaqti-vaqti bilan uchraydigan bo‘ronlar sabab 42 mingdan ortiq chodir hamda vaqtinchalik boshpanalar zarar ko‘rgan. Bu qariyb 250 ming g‘azolikning hayotiga bevosita ta’sir qilgan. BMTning Falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligi (UNRWA) vakili Jonatan Fauler anklavdagi vaziyatni “halokatli” deb atadi. Uning aytishicha, qish fasli nafas yo‘llari kasalliklarining ko‘payishiga olib kelgan, dori-darmonlar esa keskin tanqis.
Nasser shifoxonasi bolalar bo‘limi rahbari Ahmad al Farra dori-darmonlar yetishmayotganini, Al Shifa shifoxonasi direktori Muhammad Abu Salmiya esa tez yordam bo‘limiga har kuni qariyb 800 nafar bemor murojaat qilayotganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, palatalar odamlar bilan to‘lib ketgan.








