Daryo

Arab davlatlari Trampni Eronga zarba berishdan tiyilishga chaqirdi

AQSH ushbu davlatlarni Tehronga qarshi ehtimoliy zarbalarga tayyor turish haqida ogohlantirgan edi. Ammo mamlakatlar Eron rejimini ag‘darishga urinish neft bozorlarini izdan chiqarishi va yakunda Qo‘shma Shtatlar iqtisodiyotiga zarar yetkazishini bildirdi.

2 daqiqa o‘qish17 028 ko‘rishlar0 izoh9

Saudiya Arabistoni boshchiligidagi Arab davlatlari, xususan,  Ummon va Qatar AQSH rasmiylaridan Tehronga hujum qilishdan tiyilishni so‘radi. Bu haqda Fors ko‘rfazi mamlakatlari rasmiylariga tayanib, The Wall Street Journal 13-yanvar kuni xabar berdi.

AQSH ushbu davlatlarni Eronga qarshi ehtimoliy zarbalarga tayyor turish kerakligi haqida ogohlantirganidan so‘ng, mazkur mamlakatlar Vashingtonga o‘z munosabatini bildirdi.

Iqtisodiy xavflar va neft bozoridagi xavotir

Saudiya Arabistoni, Ummon va Qatar vakillari Oq uyga Eron rejimini ag‘darishga urinish neft bozorlarini izdan chiqarishi va yakunda AQSH iqtisodiyotiga zarar yetkazishi haqida ma’lum qilgan. Arab davlatlari, shuningdek, Eronga beriladigan zarbalar oqibatida Xormuz bo‘g‘ozi orqali o‘tuvchi neft tankerlari harakati to‘xtab qolishidan xavotirda.

Nashr manbalariga ko‘ra, Saudiya Arabistoni rasmiylari Tehronga ehtimoliy mojaroda ishtirok etmasliklarini tasdiqlagan. Xususan, Riyod AQSHga Eronga zarba berish uchun o‘z havo hududidan foydalanishga ruxsat bermasligini ma’lum qilgan. Hozircha Saudiya Arabistoni, Ummon va Qatar rasmiylari jurnalistlarning mavzu yuzasidan izoh berish so‘rovlariga javob qaytarmayapti.

AQSHning rejalari va vaziyatning keskinlashuvi

AQSH ma’muriyati Eronda namoyishlarning shafqatsizlarcha bostirilishi sababli Tehronga qarshi bir necha variantlarni ko‘rib chiqmoqda. Tramp ma’muriyati hozircha qanday harbiy harakatlar tayyorlanayotganiga aniqlik kiritmagan bo‘lsa-da, WSJ’ga ko‘ra, variantlar orasida quyidagilar bor:

  • harbiy zarbalar;
  • kiberhujumlar;
  • yangi sanksiyalar.

AQSH rasmiylarining so‘zlariga ko‘ra, Tramp hali yakuniy qarorga kelmagan va yordamchilari bilan harakatlar rejasini muhokama qilmoqda. Ayni paytda Vashington o‘z fuqarolarini va ittifoqchi davlatlar fuqarolarini Eronni tark etishga chaqirgan.

Erondagi tartibsizliklar

Eron bo‘ylab hukumatga qarshi norozilik namoyishlari 2025-yil 28-dekabr kuni boshlangan edi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, namoyishlar boshlanganidan beri taxminan 2 ming kishi halok bo‘lgan. Qo‘shma Shtatlarda joylashgan HRANA huquqni muhofaza qilish tashkiloti esa 2003 kishining o‘limi tasdiqlanganini ma’lum qildi. Ulardan 1850 nafari namoyishchilar, qolgani esa xavfsizlik xodimlaridir. Bundan tashqari, yana 16784 nafar eronlik hibsga olingan.

Shu voqealar fonida Tramp Eron bilan savdo qilayotgan davlatlar mahsulotlariga 25 foizlik bojlar joriy etilishini ma’lum qilgandi. U, shuningdek, eronliklarni hukumatga qarshi namoyishlarni davom ettirishga chaqirib, yordam yo‘ldaligini aytgan. Biroq gap qanday ko‘mak haqida gap ketayotganini ochiqlamagan.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar