AQSH harbiylari va mamlakatning mintaqaviy hamkorlari integratsiyalashgan havo va raketaga qarshi mudofaa tizimini kuchaytirish maqsadida Qatarda yangi operatsion markaz ochdi. Bu haqda AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) 13-yanvar kuni Eronda davom etayotgan keskinlik fonida ma’lum qildi. Bu haqda Fox News xabar berdi.
Al Udeyd bazasi: mintaqadagi eng yirik harbiy obyekt
Yangi markaz Doha yaqinidagi Al Udeyd aviabazasida ish boshladi. Mazkur baza 10 000 nafar amerikalik harbiyga mezbonlik qiladi va AQSHning Yaqin Sharqdagi eng yirik harbiy inshooti hisoblanadi. Shuningdek, u Iroq va Suriyadagi ISHIDga qarshi kurash missiyasi uchun asosiy logistika markazi bo‘lib xizmat qiladi.
Qayd etish joizki, aynan shu baza 2025-yilning iyun oyida, AQSHning Eron yadroviy obyektlariga bergan zarbalariga javoban Tehron tomonidan hujumga uchragandi. CENTCOM qo‘mondoni admiral Bred Kuperning ta’kidlashicha, ushbu markaz mintaqaviy mudofaa sohasidagi muhim qadamdir.
“Ushbu markaz Yaqin Sharqdagi mintaqaviy kuchlarning havo va raketaga qarshi mudofaa sohasida muvofiqlashtirish va o‘zaro ma’lumot almashish jarayonini yaxshilaydi”, deyiladi admiral bayonotida.
Yaqin Sharq havo mudofaasi bo‘yicha Birlashgan operatsiyalar markazi (CAOC) tarkibiga kiruvchi ushbu yangi tuzilmada AQSH va uning mintaqaviy hamkorlari vakillari faoliyat yuritadi. Ma’lumot uchun, 20 yildan ortiq vaqt avval tashkil etilgan CAOC hozirda 17 davlat vakillarini o‘z ichiga olgan bo‘lib, ular butun mintaqa bo‘ylab harbiy havo aktivlaridan foydalanishni muvofiqlashtiradi.
Yangi bo‘lim quyidagi vazifalar bilan shug‘ullanadi:
- ko‘p millatli harbiy mashqlarni rejalashtirish;
- favqulodda vaziyatlarga javob berish;
- tahdidlar haqida ogohlantirish va razvedka ma’lumotlarini almashish.
Eron hujumi va Tramp munosabati
O‘tgan 2025-yilda AQSH mudofaa rasmiylari Eron Al Udeyd bazasiga hujum qilishda qisqa va o‘rta masofali ballistik raketalardan foydalanganini ma’lum qilgan edi. Prezident Donald Tramp o‘sha paytda o‘zining Truth Social tarmog‘ida shunday yozgan edi:
“Eron ularning yadroviy inshootlarini yo‘q qilganimizga javoban kuchli bo‘lmagan javob qaytardi. Biz buni kutgan edik va samarali qaytardik. Jami 14 ta raketa uchirildi — 13 tasi urib tushirildi, bittasi esa xavf tug‘dirmaydigan yo‘nalishda bo‘lgani uchun ‘qo‘yib yuborildi’”.
Erondagi vaziyat
Mintaqada harbiy hozirlik kuchayayotgan bir paytda, Eronning o‘zida hukumatga qarshi namoyishlar shafqatsizlarcha bostirilmoqda. Inson huquqlari faollari agentligi (HRANA) ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishlarda halok bo‘lganlar soni 2 000 kishidan oshgan. Ayni paytda, Eron sud tizimi rahbari mamlakatda davom etayotgan umummilliy norozilik namoyishlarida qo‘lga olinganlar ustidan tezkor sud jarayonlari va qatllar amalga oshirishga chaqirdi.








