Daryo

AQSH Eron bilan hamkorlik qiluvchi davlatlarga 25 foizlik boj soladi

Tramp qaror darhol kuchga kirishini ma’lum qildi. Ammo mazkur siyosat bo‘yicha rasmiy hujjat e’lon qilinmadi.

2 daqiqa o‘qish4 405 ko‘rishlar0 izoh0

AQSH prezidenti Donald Tramp 12-yanvar kuni Eron bilan biznes aloqalar olib boradigan har qanday davlat Qo‘shma Shtatlar bilan savdoda 25 foizlik boj to‘lashini ma’lum qildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Vashington ushbu qarorni Eronda davom etayotgan hukumatga qarshi ommaviy namoyishlar fonida qabul qildi.

“Darhol kuchga kiradigan ushbu tartibga ko‘ra, Eron Islom Respublikasi bilan biznes yuritayotgan har qanday davlat AQSH bilan amalga oshiriladigan barcha turdagi savdo amaliyotlari uchun 25 foizlik boj to‘laydi. Ushbu buyruq yakuniy va qat’iydir”, deb yozdi Tramp Truth Social’dagi sahifasida.

Noaniqlik va huquqiy asoslar

Hozircha Oq uyning rasmiy saytida ushbu siyosat bo‘yicha rasmiy hujjat e’lon qilinmadi. Shuningdek, Tramp ushbu bojlarni joriy etishda qaysi huquqiy vakolatlarga tayanayotgani yoki cheklovlar barcha savdo hamkorlariga birdek tegishli ekani haqida ma’lumot berilmagan.

Eron tovarlarining asosiy eksport bozorlari Xitoy, Birlashgan Arab Amirliklari va Hindiston hisoblanadi. Bojlar esa AQSHga ushbu mamlakatlardan mahsulot olib kiruvchi importyorlar tomonidan to‘lanadi.

Erondagi vaziyat va harbiy tahdidlar

Eron 2025-yilda AQSH ittifoqchisi bo‘lgan Isroil bilan 12 kunlik urushni boshidan o‘tkazgan. Iyun oyida esa AQSH harbiylari Eronning yadroviy inshootlarini bombardimon qilgan edi. Hozirda mamlakatda 1979-yilgi Islom inqilobidan keyingi eng jiddiy inqiroz — ommaviy namoyishlar kuzatilmoqda.

Tramp Vashingtonning vaziyatga munosabatini ko‘rib chiqayotgan bir paytda, Tehron 12-yanvar kuni AQSH bilan aloqa kanallari ochiq ekanini bildirdi. Trampning o‘zi esa Eron rasmiylari bilan uchrashishi mumkinligini va Eron muxolifati bilan aloqada ekanini aytmoqda. Shu bilan birga, u Eron rahbariyatiga bosimni oshirib, harbiy choralar bilan ham tahdid qilgan.

Oq uy matbuot kotibi Karolin Levittning so‘zlariga ko‘ra, havo hujumlari variantlardan biri bo‘lsa-da, diplomatiya prezident uchun doimo birinchi darajali tanlovdir. Ayni paytda AQSH Davlat departamenti va Tehrondagi Virtual elchixona Erondagi Amerika fuqarolariga mamlakatni zudlik bilan tark etish bo‘yicha keskin ogohlantirish bilan chiqdi. Ular mamlakatni Armaniston yoki Turkiya orqali tark etishga chaqirildi.

Namoyishlardagi talafotlar

Dastlab iqtisodiy qiyinchiliklar tufayli boshlangan namoyishlar keyinchalik siyosiy tus olib, diniy tuzumni ag‘darish namoyishlariga aylanib ketdi. AQSHda joylashgan HRANA inson huquqlari guruhining ma’lum qilishicha, 28-dekabrdan beri davom etayotgan namoyishlarda 599 kishi (510 nafar namoyishchi va 89 nafar xavfsizlik xodimi) halok bo‘lgani tasdiqlangan.

OPEC a’zosi bo‘lgan Eron 2022-yilgi Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, 147 ta davlat bilan savdo aloqalarini o‘rnatgan. Tramp o‘zining ikkinchi prezidentlik muddati davomida AQSH dushmanlari bilan aloqador bo‘lgan yoki Vashington uchun “adolatsiz” savdo siyosati yuritayotgan davlatlarga nisbatan tez-tez bojlar bilan tahdid qilib kelmoqda. Biroq prezidentning bu boradagi siyosati huquqiy bosim ostida qolishi mumkin — hozirda AQSH Oliy sudi Tramp tomonidan joriy etilgan bir qator bojlarni bekor qilish masalasini ko‘rib chiqmoqda.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar