Daryo

Gvardiola Abduqodir Husanov haqida: “Klub tarixidagi eng yaxshi transferlardan biri”

Ispaniyalik mutaxassis Angliya Liga Kubogi yarim finalidan o‘rin olgan “Nyukasl”ga qarshi bahs oldidan o‘zbekistonlik futbolchining o‘yini borasida iliq fikrlar bildirdi.

2 daqiqa o‘qish12 697 ko‘rishlar0 izoh20

“Manchester Siti” Angliya Liga Kubogi yarim finalida “Nyukasl”ga qarshi bahs olib boradi. Ushbu bellashuv oldidan “shaharliklar” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola matbuot anjumanida ishtirok etib, o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanov haqida gapirdi.

“Bu klub tarixidagi eng yaxshi transferlardan biri. Husanov Fransiyada yuqori darajada o‘ynab kelganiga qaramay, Angliya Premyer Ligasiga moslashish oson emas. Shunga qaramay, men uni o‘ziga xos futbolchi deb bilaman. Uning o‘yin uslubi biznikiga juda mos keladi. Biz yuqori pressing bilan o‘ynaymiz va u orqa zonalarni yaxshi yopa oladi. Umuman olganda, Abduqodir bunday epizodlarni yoqtiradi. Hozirgi paytda u jamoaga katta yordam bermoqda. To‘p bilan ishlash qobiliyatini bosqichma-bosqich rivojlantirishimiz kerak. Husanov hali juda yosh, vaqt o‘tishi bilan barchasini o‘rganadi. U o‘rganishdan qochmaydi, mashg‘ulotlarga jiddiy qaraydi va bor kuchi bilan harakat qiladi. Qisqa qilib aytganda, Abduqodir juda ishonchli futbolchi”, deydi Pep Gvardiola.

Shuningdek, ispaniyalik mutaxassis “Manchester Siti”ning o‘zbekistonlik futbolchini xarid qilgani eng to‘g‘ri qarorlardan biri bo‘lganini ta’kidladi:

“O‘tgan yili ham aytgandim, rahbariyat Husanov borasida to‘g‘ri qaror qabul qilgan. Sababi dunyoning eng kuchli klublari ham uni o‘z safida ko‘rishni istagan bo‘lar edi. Chunki unda himoyachi uchun kerak bo‘ladigan barcha noyob sifatlar bor. Ingliz tilida ham ancha yaxshi gaplasha oladi, topshiriqlarni tez tushunadi. U o‘zi o‘ylaganidan ham kuchliroq futbolchi ekanini anglab yetishi kerak: u uzoq masofaga yaxshi uzatma bera oladi, chiziqlarni yorib o‘tishda juda zo‘r, tezligi ham a’lo darajada. Faqat biroz dadilroq bo‘lishi kerak. U hali juda yosh, shuning uchun buni kamchiliklarni to‘g‘rilasa bo‘ladi. Qancha ko‘p o‘ynasa, shuncha tez rivojlanadi. Men unga ishonishda davom etaman”, deya qo‘shimcha qildi “Manchester Siti” ustozi.

Ma’lumot uchun, “Manchester Siti” Angliya Liga Kubogi yarim finalidan o‘rin olgan bellashuvda “Nyukasl”ga qarshi bahs olib boradi. Uchrashuv 13-yanvardan 14-yanvarga o‘tar kechasi, soat 01:00 da boshlanadi.

Qashqadaryo viloyatidanman. O’zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Bosma OAV fakulteti, Sport jurnalistikasi yo‘nalishini tugatganman. “Daryo”da 2025-yilning mart oyidan beri ishlayman va xabarlar hamda tahliliy maqolalar yozaman. Har yili Qozog‘istonning “Hokim” kinosini kamida bir marta ko‘raman. Said Ahmadning “Ufq” trilogiyasini sevib o‘qiyman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar