“Aerportlar, avtovokzallar va avtostansiyalarning nomlari davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiqlashtirish hamda ularga yangi nom berish to‘g‘risida” Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan O‘zbekistondagi nomlari davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiqlashtiriladigan aeroportlar, avtovokzallar va avtostansiyalar ro‘yxati tasdiqlandi. Unda 161 ta nom o‘rin olgan. Yang nom berilgan aeroport, avtovokzallar va avtostansiyalar ro‘yxati ham tasdiqlangan bo‘lib, unda 21 ta nom kiritilgan.
Xususan, poytaxtning Yashnobod tumanida joylashgan Toshkent—Sharqiy aeroporti Toshkent—Humo deb qayta nomlandi. 2024-yilning noyabrida Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev yangi aeroportning birinchi mehmoni bo‘lgandi.
Hukumat qarorida belgilanishicha, Transport vazirligi Uzbekistan Airports, Uzbekiston Airways, Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan uch oy muddatda
- aeroportlar, vokzallar va avtostansiyalar nomlarining davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiqlashtirilishi hamda yangi nom berilishi munosabati bilan tegishli hujjatlar, xaritalar, ma’lumotlar bazalariga o‘zgartirishlar kiritilishini;
- aeroportlar, vokzallar va avtostansiyalarga o‘rnatilgan peshlavhalar hamda axborot ko‘rsatkichlaridagi yozuvlarning davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiq lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida yozilishini ta’minlaydi.
Hukumatning 2025-yilning oktyabrida qarorida “O‘zbekiston temir yo‘llari”ga qarashli vokzallar, stansiyalar, razyezdlar nomlari davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiqlashtirilishi belgilangandi. Transport vazirligi va “O‘zbekiston temir yo‘llari”ga 3 oy muddatda temiryo‘l vokzallari, temiryo‘l stansiyalari va temiryo‘l razyezdlarida o‘rnatilgan peshlavhalar va axborot ko‘rsatkichlaridagi yozuvlarning davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiq lotin yozuviga asoslangan o‘zbek yozuvida yozilishini ta’minlash topshirilgandi.








