Daryo

Eronda hukumat tarafdorlari namoyishga chiqdi (video)

Rasmiylar ushbu marshlarni “xorijdan boshqarilayotgan” hukumatga qarshi namoyishlarga javob sifatida baholamoqda.

2 daqiqa o‘qish5 330 ko‘rishlar0 izoh3

Eronda hukumatni qo‘llab-quvvatlovchi ommaviy aksiyalar 12-yanvar kuni mamlakatning bir qancha shaharlarini qamrab oldi. Rasmiylar shu yo‘l bilan ikki haftadan ortiq vaqtdan beri davom etayotgan umummilliy norozilik to‘lqinini jilovlashga urinmoqda. Bu haqda Middle East Eye xabar berdi.

Davlat OAVga ko‘ra, Tehronda o‘n minglab kishi hukumat oldini olib ko‘chalarda yurish qilayotganini yozmoqda. Rasmiylar, shuningdek, davlat tadbirlari tez-tez o‘tkaziladigan Ngolabi maydonida yana bir safarbarlik haqida e’lon qildi. Eron rahbarlari ushbu marshlarni “xorijdan boshqarilayotgan” hukumatga qarshi namoyishlarga javob sifatida taqdim etmoqda.

“Terrorchilik urushi” va Mossad ayblovi

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi AQSH va Isroilni tartibsizliklar chog‘ida zo‘ravonlikni avj oldirishda ayblab, sodir bo‘layotgan voqealarni “terrorchilik urushi” deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, dam olish kunlaridagi keskinlikdan so‘ng hozirda vaziyat to‘liq nazorat ostida.

Aroqchi Tehronda “terrorchilar” qurollantirilgani va qurbonlar sonini ko‘paytirish uchun namoyishchilarga hamda xavfsizlik kuchlariga qarata o‘t ochishga yo‘naltirilgani haqida dalillar borligini da’vo qildi.

“AQSH va Isroilning ushbu terrorchilik harakatlariga aralashganini ko‘rsatuvchi ko‘plab hujjatlar mavjud. Mossad agentlari namoyishchilarga hamrohlik qilmoqda va qayd etilgan o‘limlar hamda zo‘ravonliklarning sababchisi aynan ularning aralashuvidir”, dedi vazir.

Tramp tahdidi va Xomanaiy javobi

AQSH prezidenti Donald Tramp jurnalistlarga bergan intervyusida Pentagon Eronga nisbatan “juda kuchli variantlar”ni ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, Eron rahbariyati hatto muloqot uchun Vashingtonga qo‘ng‘iroq qilgan. Bunga javoban Aroqchi Eron “urushga ham, muloqotga ham tayyor” ekanini bildirdi.

Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy esa dushanba kuni ijtimoiy tarmoqda Trampga ishora qilib, keskin post qoldirdi. U xuddi shu mazmundagi gaplarni xalqqa qilgan murojaatida ham aytgan edi.

“U yerda takabburlik va g‘urur bilan o‘tirib, butun dunyoni hukm qilayotgan kishi bilsinki, bu dunyoning Fir’avn, Namrud, Rizo shoh kabi zolimlari o‘z g‘ururining cho‘qqisida bo‘lganida taxtdan ag‘darilgan. U ham ag‘dariladi”, dedi Xomanaiy.

Internet cheklovi va inson talofatlari

Siyosiy taranglik fonida Eronda internet deyarli to‘rt kundan beri to‘liq uzib qo‘yilgan. NetBlocks monitoriga ko‘ra, mamlakatda milliy internet cheklovi davom etmoqda, ulanish juda cheklangan va beqaror. Qurbonlar soni bo‘yicha ma’lumotlar esa keskin farq qiladi:

  • Iran Human Rights (Norvegiya)ga ko‘ra, kamida 192 kishi halok bo‘lgan.
  • HRANA (AQSH) esa so‘nggi 15 kun ichida 544 kishi qurbon bo‘lganini qayd etmoqda.

BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish zo‘ravonliklardan xavotir bildirib, Tehronni internetni tiklashga va ortiqcha kuch ishlatishdan tiyilishga chaqirdi. Vashingtonda hozirda Tehronga qarshi kiberhujumlar, yanada qattiqroq sanksiyalar va hatto harbiy zarbalar kabi variantlar ko‘rib chiqilmoqda. Yevropa Ittifoqi rasmiysi Kaya Kallas esa mamlakatga yana yangi sanksiyalar bilan zarba berish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar