Daryo

Erondagi tartibsizliklar qurbonlari 500 nafardan oshdi

Halok bo‘lganlarning 490 nafari namoyishchilar, 48 nafari esa xavfsizlik xodimlari. Bundan tashqari, qariyb 11 ming nafar eronlik hibsga olingan.

1 daqiqa o‘qish4 345 ko‘rishlar0 izoh0

Iqtisodiy muammolar sabab Eronda boshlangan namoyishlar 2025-yilning 28-dekabr sanasidan buyon davom etyapti. Butun mamlakatni qamrab olgan tartibsizliklar natijasida 500 nafardan ortiq eronliklar qurbon bo‘lgan deb taxmin qilinmoqda. Bu haqda Qo‘shma Shtatlarda joylashgan HRANA huquqni himoya qilish guruhi ma’lum qildi.

Faollar tomonidan taqdim etilgan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lganlarning 490 nafari namoyishchilar, 48 nafari esa xavfsizlik xodimlari. Bundan tashqari, yana qariyb 11 ming eronlik hibsga olingan. Eron hukumati hozircha qurbonlar haqida rasmiy ma’lumot bermadi.

Butun mamlakat bo‘ylab tarqalgan norozilik namoyishlari Qo‘shma Shtatlarning diqqat markazida bo‘lib turibdi. Prezident Donald Tramp Eron rasmiylarini ogohlantirib, tinch aholiga o‘t ochilgan taqdirda AQSH masalaga aralashishini bir necha bor ta’kidladi. Xususan, 11-dekabr kuni u jurnalistlarga Vashington Tehronga qarshi bir necha variantlarni ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi. Ommaviy axborot vositalari xabariga ko‘ra, aviazarbalar, kiberhujumlar, sanksiyalarni kuchaytirish va muxolifatni qo‘llab-quvvatlash kabilar shular jumlasidan.

Namoyishlar Eronning butun hududini qamrab oldi.
Foto: AFP

Tramp, shuningdek, Eronning quvg‘indagi muxolifati bilan aloqada ekani, shu bilan bir vaqtda, Eron rahbariyati ham muzokaralarga tayyorligini aytdi. Biroq qolgan tafsilotlarni ochiqlamadi. Namoyishlar narx-navoning keskin oshishi sabab poytaxt Tehronda boshlangan edi. Biroq keyinchalik siyosiy talablar ham ko‘tarilib, ommaviy tartibsizlikka aylanib ketdi. Rasmiylar jarayonni nazoratga olish uchun qator choralar ko‘rgan. Butun mamlakat bo‘ylab internet aloqasini uzish shular jumlasidan.

Andijonlikman, Toshkentda yashayman. Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tamomlaganman. “Daryo” tahririyatida 2024-yil noyabr oyidan buyon muxbir sifatida ishlayman va siyosiy, ijtimoiy hamda harbiy yoʻnalishlarga ixtisoslashgan materiallar tayyorlayman. “If qaʼlasining mahbusi” filmini miriqib tomosha qilaman. Lev Tolstoyning asarlarini, ayniqsa, “Urush va tinchlik”ni yoqtiraman.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar