“Barselona” vingeri Lamin Yamal Ispaniya La Ligasida dekabr oyining eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Shu tariqa, 18 yoshli ispaniyalik futbolchi avvalroq faqat kataloniyaliklarning sobiq hujumchisi Lionel Messi, “Atletiko Madrid” sobiq himoyachisi Diego Godin hamda “Real Madrid”ning joriy mavsumdagi to‘purari Kilian Mbappe erishgan natijani takrorladi.
La Ligada ketma-ket ikkinchi oy eng yaxshi futbolchi deb topilgan Yamal ushbu sovrinni ikki oy ketma-ket qo‘lga kiritgan tarixdagi to‘rtinchi futbolchiga aylandi. Avvalroq Diego Godin 2014-yil aprel va may oylarida, Lionel Messi 2018-yil aprel va sentabr oylarida (o‘sha yili may—avgust oylarida mukofot topshirilmagan), Kilian Mbappe esa joriy mavsumda sentyabr va oktyabr oylarida eng yaxshi futbolchi deb topilgan edi.
Ma’lumot uchun, La Ligada “Oy futbolchisi” mukofoti 2013-yil sentabr oyidan beri topshirib kelinadi. Uning ilk sovrindori o‘sha vaqtda “Atletiko” safida to‘p surgan hujumchi Diego Kosta bo‘lgan.
Bugun, 11-yanvardan 12-yanvarga o‘tar kechasi, Saudiya Arabistonining Jidda shahridagi “Qirol Abdulla” stadionida dunyo futbolidagi eng buyuk qarama-qarshiliklardan biri — “El-Klasiko” bo‘lib o‘tadi. Shu vaqtga qadar “Real” va “Barsa” 262 bor o‘zaro to‘qnash kelgan bo‘lib, 106 ta bahsda “Real Madrid”, 104 ta uchrashuvda “Barselona” zafar quchgan, 52 ta o‘yinda durang natija qayd etilgan. Madridliklar 445, kataloniyaliklar esa 433 marta raqib darvozasiga gol kiritgan.








