Daryo

“Eronga qarshi ochiq futbol ko‘rsatish qiyin edi” — Ravshan Haydarov

O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Ravshan Haydarov Eronga qarshi o‘tgan uchrashuvdan so‘ng matbuot anjumanida ishtirok etdi.

2 daqiqa o‘qish5 013 ko‘rishlar0 izoh0

O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Ravshan Haydarov Eronga qarshi o‘tgan uchrashuvdan so‘ng (0:0) matbuot anjumanida ishtirok etdi.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, Eronga qarshi ochiq futbol namoyish etish oson bo‘lmagan. Raqib safida jismoniy jihatdan kuchli futbolchilar ko‘pligi inobatga olinib, aynan shu uslubdagi o‘yin rejasi ishlab chiqilgan.

“Eronga qarshi ochiq futbol ko‘rsatish qiyin edi. Raqib tarkibida jismoniy jihatdan kuchli futbolchilar yetarli bo‘lgani uchun biz shunga mos reja tuzdik. Shuningdek, taktik jihatdan ham aniq tayyorgarlik ko‘rdik. Asosan uzun uzatmalar orqali hujumlarni tashkil etishga urindik. Chunki yaqin masofaga uzatmalar bilan raqibning pressingiga tushib qolish xavfli bo‘lardi”, dedi Haydarov.

Bosh murabbiy birinchi bo‘limda jamoa bir nechta samarali hujumlar uyushtirganini ham qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, raqib himoyasi yuqori chiziqda harakat qilgan.

“Biz raqibdan qo‘rqib o‘ynamadik. Shunchaki tartibli va intizomli futbol namoyish etishga intilyapmiz. Eron kabi kuchli raqiblarga qarshi o‘yinlar jamoamizning yanada shakllanishiga xizmat qiladi”, deya qo‘shimcha qildi O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi.

Ma‘lumot uchun, O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi musobaqadagi ikkinchi uchrashuvini Eronga qarshi o‘tkazib, 0:0 hisobida durang o‘ynadi.

Ayni paytda Ravshan Haydarov shogirdlari “C” guruhida 4 ochko bilan 2-o‘rinni egallab turibdi. Eron esa 2 ochko bilan 3-pog‘onani band etgan. Janubiy Koreya Olimpiya terma jamoasi 2-turda Livanni 4:2 hisobida mag‘lub etib, guruh yetakchisiga aylanib oldi. Har ikki uchrashvda ham mag‘lubiyatga uchragan Livan esa musobaqa bilan xayrlashdi.

O‘zbekiston 3-tur uchrashuvini 13-yanvar kuni Janubiy Koreyaga qarshi o‘tkazadi. O‘yin “Shahzoda Faysal bin Fahd” stadionida Toshkent vaqti bilan soat 16:30 da start oladi. Mazkur bahsdagi g‘alaba yoki durang natija evaziga O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi.

Musobaqada ishtirok etayotgan 16 jamoa 4 ta guruhga bo‘lingan, har bir guruhda dastlabki ikki o‘rinni egallagan jamoalar chorak finalga yo‘l oladi. Musobaqada 2003-yil 1-yanvardan keyin tug‘ilgan futbolchilar ishtirok etish huquqiga ega. 2028-yilgi Los Anjelos Olimpiya o‘yinlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida ushbu turnirda O‘zbekiston U-21 terma jamoasi qatnashmoqda.

Farg‘ona viloyati Bog‘dod tumanida tug‘ilganman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Sport jurnalistikasi fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2025-yil dekabr oyidan beri sport muxbiri lavozimida ishlayman va maxsus videomateriallar, tarjima maqolalar hamda xabarlar tayyorlayman. Sevimli filmim “Forrest Gamp”. “Shamol ortidan yugurib” (Xolid Husayniy) romanini yaxshi koʻraman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar