Bugun, 7-yanvar kuni Ravshan Haydarov boshchiligidagi O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi 2026-yilgi U-23 Osiyo kubogida o‘z yurishini boshladi. Livanga qarshi kechgan bahsda jamoa 3:2 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuv Ar-Riyod shahridagi “Shahzoda Faysal bin Fahd” stadionida bo‘lib o‘tdi.
Mazkur bahsda hisob 23-daqiqada Amirbek Saidov tomonidan ochildi. 50-daqiqada Ravshan Xayrullayev, 57-daqiqada esa Sardorbek Bahromov gol urib, O‘zbekistonning ustunligini yanada mustahkamladi. 65-daqiqada raqib futbolchisi Leonardo Shahin hisobni qisqartirdi. 90+5-daqiqaga kelib Shahin dublga erishdi va jamoasining ikkinchi goliga mualliflik qildi — 3:2.
Ushbu g‘alabadan so‘ng O‘zbekiston “C” guruhida 1-o‘ringa ko‘tarildi. Guruhdagi dastlabki uchrashuvda Janubiy Koreya va Eron jamoalari o‘zaro durang o‘ynadi — 0:0.
Ma’lumot uchun, 2028-yilgi Los Anjelos Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida mazkur turnirda O‘zbekiston U-21 terma jamoasi ishtirok etmoqda.
“Oq bo‘rilar” navbatdagi uchrashuvini 10-yanvar kuni Eron terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Bellashuv yana “Shahzoda Faysal bin Fahd” stadionida Toshkent vaqti bilan soat 19:00 da boshlanadi.
U-23 Osiyo kubogi — 2026
Guruh bosqichi, 1-tur
O‘zbekiston — Livan 3:2
Gollar: 1:0 — Saidov (23), 2:0 — Xayrullayev (50), 3:0 — Bahromov (57), 3:1 — Shahin (65), 3:2 — Shahin (90+5)








