Saudiya Arabistoni mezbonlik qilayotgan 2026-yilgi U-23 Osiyo Kubogi chorak final bosqichining navbatdagi ikki uchrashuvi yakunlandi. Yaponiya va Vyetnam Olimpiya terma jamoalari g‘alaba qozonib, musobaqaning yarim finaliga yo‘l oldi.
Yaponiya — Iordaniya uchrashuvida asosiy va qo‘shimcha bo‘limlarda durang qayd etildi, g‘olib penaltilar seriyasida aniqlandi. Bahsda hisob 30-daqiqada iordaniyalik Ali Al-Aziziy tomonidan ochildi. Ikkinchi bo‘limda hujumlarni kuchaytirgan Yaponiya 50-daqiqada Shusuke Furuyaning goli evaziga muvozanatni tikladi. Qolgan daqiqalarda hisob o‘zgarmadi va penaltilar seriyasida Yaponiya 4:2 hisobida ustun keldi.
Yaponiyaliklar yarim finalda Avstraliya — Janubiy Koreya juftligi g‘olibiga qarshi maydonga tushadi.
Chorak finalning ikkinchi bahsida Vyetnam U-23 terma jamoasi Birlashgan Arab Amirliklariga qarshi keskin bellashuv o‘tkazdi. Asosiy va qo‘shimcha bo‘limlarni o‘z ichiga olgan uchrashuv 3:2 hisobida vyetnamliklarning g‘alabasi bilan yakunlandi.
39-daqiqada Nguyen Le Pat hisobni ochdi. Oradan uch daqiqa o‘tib, Ndiaye Junior javob golini kiritdi. Ikkinchi bo‘limda Nguyen Din Bak (62-daqiqa) Vyetnamni yana oldinga olib chiqdi. 68-daqiqada Mansur Al-Menhali hisobni tenglashtirdi — 2:2. Qo‘shimcha bo‘limda esa 101-daqiqada Fam Min Fuk g‘alaba goliga mualliflik qilib, Vyetnamni yarim finalga olib chiqdi.
Final yo‘lida Vyetnam Olimpiya terma jamoasiga O‘zbekiston — Xitoy uchrashuvi g‘olibi raqiblik qiladi.
Ma’lumot uchun, Saudiya Arabistonida o‘tayotgan U-23 Osiyo Kubogida “C” guruhini birinchi o‘rin bilan yakunlagan O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi chorak finalda “D” guruhida ikkinchi o‘rinni egallagan Xitoy terma jamoasiga qarshi bahs olib boradi.
O‘zbekiston — Xitoy uchrashuvi 17-yanvar kuni Jidda shahridagi “Shahzoda Abdulloh al-Faysal” stadionida Toshkent vaqti bilan soat 16:30 da boshlanadi.
Musobaqada 2003-yil 1-yanvardan keyin tug‘ilgan futbolchilar ishtirok etish huquqiga ega. Turnirda Ravshan Haydarov boshqaruvidagi O‘zbekiston U-21 terma jamoasi qatnashmoqda.








