Daryo

Eron oliy rahnamosining Moskvaga qochish rejasi tayyorlandi — OAV

Oyatulloh Ali Xomanaiy mamlakatdagi norozilik namoyishlari kuchaysa, 20 ga yaqin yordamchilari va oila a’zolari bilan evakuatsiya qilinishi aytilmoqda. Bu ro‘yxatga uning vorisi sifatida ko‘rilayotgan Mujtabo ham kiradi.

2 daqiqa o‘qish23 666 ko‘rishlar0 izoh9

Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy mamlakatda norozilik namoyishlari kuchayib, xavfsizlik kuchlari ularni bostira olmasa, Moskvaga qochib ketishi mumkin. Bu haqda razvedka ma’lumotlariga tayanib, The Times xabar berdi.

Oliy rahnamoni evakuatsiya qilish bo‘yicha zaxira reja tayyorlangani aytilmoqda. Unga ko‘ra, Xomanaiy 20 nafargacha eng yaqin yordamchilari va oila a’zolari bilan birga mamlakatni tark etishi mumkin. Reja tartibsizliklar kuchayib, xavfsizlik kuchlari namoyishlarni bostira olmasa yoki vazifasini bajarmay qo‘ysa, amalga oshiriladi. Bu Xomanaiyning o‘g‘li va vorisi sifatida ko‘rilayotgan Mujtaboga ham taalluqli.

Foto: Eron oliy rahnamosining o‘g‘li Mujtaba Xomanaiy

“Ularning qochishga ehtiyoji tug‘ilsa, Tehrondan chiqish yo‘li rejalashtirilgan. Bu reja xorijdagi aktivlar, ko‘chmas mulklar va naqd pullarni to‘plashni ham o‘z ichiga oladi. Bu ularning xavfsiz chiqib ketishini ta’minlashi kerak”, deydi razvedka manbasi.

Ta’kidlanishicha, Xomanaiy iyun oyida Isroil bilan bo‘lgan 12 kunlik urushdan keyin “ruhiy va jismoniy jihatdan ancha zaiflashgan”. Bu baho G‘arb razvedka idoralaridan biri tomonidan tuzilgan psixologik tahlilga asoslanadi. Unda Oyatulloh Ali Xomanaiy “paranoyaga chalingan” rahbar sifatida tavsiflangan.

“Aynan shu xususiyat xavfsizlik kuchlari undan yuz o‘girgan taqdirda, Eronni tark etish rejasiga ta’sir qilgan”, deyiladi xabarda.

Baholashda aytilishicha, “Bir tomondan, u juda mafkuraviy motivatsiyaga ega, boshqa tomondan esa u ko‘rayotgan vaziyatga nisbatan pragmatik yondashadi. Xususan, uzoq muddatli kattaroq maqsad yo‘lida taktik murosa qilishni ma’qul ko‘radi. U strategik, uzoqni ko‘zlab fikrlaydigan shaxs”, deyiladi Xomanaiyga berilgan bahoda.

Isroil razvedkasi vakili Beni Sabti fikricha, Oyatulloh Moskvaga qochib ketishi mumkin, chunki “uning boradigan boshqa joyi yo‘q”. The Times bu masalada Suriya sobiq prezidenti Bashar Asadning Rossiyaga oilasi bilan qochib, boshpana topganini eslatib o‘tdi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Asadning lavozimidan ketishini uning shaxsiy qarori deb atagan.

“Xomanaiyning ko‘plab eng yaqin yordamchilari, jumladan, Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Ali Larijanining xorijda, shu jumladan AQSH, Kanada va Dubayda qarindoshlari bor”, deyiladi xabarda.

Eronda yuqori inflyatsiyaga qarshi bir necha kundan beri norozilik namoyishlari davom etmoqda. AQSH prezidenti Donald Tramp agar bu namoyishlar kuch ishlatish orqali bostirilsa, vaziyatga aralashishga tayyorligini aytgan. Bunga javoban Ali Larijani Eron ichki ishlariga aralashuv “butun mintaqani beqarorlashtirishi” va “Amerika manfaatlariga putur yetkazishi” haqida ogohlantirgan.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar