Daryo

Kilian Mbappe jarohat sababli Ispaniya Superkubogi uchrashuvini o‘tkazib yuboradi

Tibbiy tekshiruvlardan so‘ng fransiyalik futbolchining chap tizza bog‘lamlari shikastlangani ma’lum bo‘ldi.

1 daqiqa o‘qish11 944 ko‘rishlar0 izoh12

Madridning “Real” klubi hujumchisi Kilian Mbappe Ispaniya Superkubogi yarim finali doirasida “Atletiko”ga qarshi o‘yinda ishtirok etmasligi mumkin. Uchrashuv 8-yanvar kuni Saudiya Arabistonining Jidda shahrida bo‘lib o‘tadi.

Ma’lumot uchun, fransiyalik futbolchining chap tizza bog‘lamlari cho‘zilgani aniqlangan. Biroq tibbiy tekshiruvlardan so‘ng uning jarohati dastlab kutilganidek jiddiy emasligi ma’lum bo‘ldi. El Chiringuito telekanali xabariga ko‘ra, Mbappe jamoa bilan birga Superkubok bahsida ishtirok etish uchun Saudiya Arabistoniga yo‘l olishi kutilmoqda, biroq uning yarim finalda maydonga tushish ehtimoli juda past.

Ispaniya Superkubogining ikkinchi yarim final bahsida “Barselona” va Bilbaoning “Atletik” jamoalari o‘zaro to‘qnash keladi. Turnir finali 11-yanvar kuni bo‘lib o‘tadi.

Ma’lumot uchun, Kilian Mbappe 2024-yil yozidan buyon “qirollik klubi” safida to‘p surib kelmoqda. Shu vaqtga qadar u Madrid jamoasi safida 83 ta uchrashuvda maydonga tushib, 73 ta gol va 10 ta golli uzatma muallifiga aylangan. Uning “Real” bilan amaldagi shartnomasi 2029-yil iyuniga qadar mo‘ljallangan. Transfermarkt nashri futbolchining bozor qiymatini 180 million yevroga baholagan.

“Real Madrid” navbatdagi uchrashuvini bugun, 4-yanvar kuni Ispaniya La Ligasi 18-turi doirasida “Betis”ga qarshi o‘tkazadi. Ushbu bahs Toshkent vaqti bilan soat 20:15 da “Santiago Bernabeu” stadionida start oladi.

Madrid klubi La Ligada 18 ta uchrashuv o‘tkazib, 42 ochko jamg‘argan holda turnir jadvalida ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Chempionat yetakchisi “Barselona” esa 18 o‘yindan so‘ng 46 ochkoga ega.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yil yanvar oyida Saudiya Arabistonida Ispaniya Superkubogi musobaqasi o‘tkazilishi sababli, La Liga 19-turidan o‘rin olgan “Real Madrid” — “Atletik Bilbao” hamda “Barselona” — “Atletiko Madrid” uchrashuvlari avvalroq o‘tkazilgan.

Farg‘ona viloyati Bog‘dod tumanida tug‘ilganman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Sport jurnalistikasi fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2025-yil dekabr oyidan beri sport muxbiri lavozimida ishlayman va maxsus videomateriallar, tarjima maqolalar hamda xabarlar tayyorlayman. Sevimli filmim “Forrest Gamp”. “Shamol ortidan yugurib” (Xolid Husayniy) romanini yaxshi koʻraman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar