“Real Madrid” hujumchisi Kilian Mbappe jamoani tark etishi mumkinligi borasidagi savollarga javob berdi. Fransiyalik yulduz Madriddagi hayotidan to‘liq mamnun ekanini ta’kidladi. Bu haqda Marca nashriga tayanib Championat xabar berdi.
Kilian jurnalistlarning “‘Real’dan ketasizmi?”, degan savoliga qisqa va keskin tarzda javob qaytargan:
“Mening Madriddagi ishlarim juda yaxshi ketmoqda. Nega ketishim kerak?”.
Eslatib o‘tamiz, Kilian Mbappe 2024-yilning yozida erkin agent sifatida “qirollik klubi” safiga qo‘shilgan edi. Uning Madrid jamoasi bilan amaldagi shartnomasi 2029-yilga qadar mo‘ljallangan.
Mbappe joriy mavsum “Real”da ajoyib o‘yin namoyish etdi. U barcha turnirlar doirasida jami 42 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga 41 ta gol va 7 ta golli uzatmani yozdirib qo‘ydi. Ispaniya chempionatining 36-turidan o‘rin olgan bahsda “Real Madrid” “Ovyedo”ni o‘z maydonida qabul qilib, 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Ushbu muvaffaqiyatdan so‘ng madridliklar mavsum yakunlanishiga ikki tur qolganida La Liganing kumush medallarini naqd qilishdi. Kataloniyaning “Barselona” klubi esa Ispaniya chempioniga aylandi.








