Daryo

“Eron hukumati namoyishchilarni o‘ldirishda davom etsa, AQSH vaziyatga aralashadi” — Tramp

AQSH prezidenti Eron aholisini himoya qilishga tayyorligini bildirdi. Mamlakatda iqtisodiy inqiroz ortidan boshlangan noroziliklarda qurbonlar qayd etilmoqda.

2 daqiqa o‘qish6 621 ko‘rishlar0 izoh2

AQSH prezidenti Donald Tramp Eronda iqtisodiy ahvol yomonlashuviga qarshi o‘tkazilayotgan namoyishlar vaqtida odamlarning o‘ldirilishiga keskin munosabat bildirdi. U o‘zining Truth Social tarmog‘idagi sahifasida agar Eron hukumati tinch namoyishchilarni o‘ldirishda davom etsa, Vashington bunga aralashishini ma’lum qildi. Bu haqda CNN xabar berdi.

“Agar Eron o‘z odatiga ko‘ra tinch namoyishchilarni o‘qqa tutsa va shafqatsizlarcha o‘ldirsa, AQSH ularga yordamga keladi. Biz shay holatdamiz va harakatga tayyormiz”, deb yozdi Tramp 2-yanvar kuni.

O‘z navbatida, Eron rasmiylari AQSHni mamlakat ichki ishlariga aralashmaslikka chaqirdi. Eron milliy xavfsizlik kengashi rahbari Ali Larijanining ta’kidlashicha, Amerikaning aralashuvi butun mintaqada tartibsizliklarga va AQSH manfaatlarining yo‘q qilinishiga sabab bo‘ladi. Oliy rahnamo Oyatulloh Ali Xomanaiyning maslahatchisi Ali Shamxoniy esa milliy xavfsizlik Eron uchun “qizil chiziq” ekanini aytdi.

Namoyishlar qanday tus olmoqda?

Shu haftada Eronning bir qancha provinsiyalarida iqtisodiy inqiroz, xususan, pul qadrsizlanishi va yuqori inflyatsiya sababli ommaviy noroziliklar boshlangan. Ba’zi hududlarda namoyishlar politsiya bilan to‘qnashuvlarga aylanib, qurbonlar berildi.

Jumladan, Fars nashrining yozishicha, Azna shahrida namoyishchilar politsiya mahkamasiga bostirib kirishi oqibatida kamida 3 kishi halok bo‘lib, 17 kishi jarohatlandi. Lordegan okrugida politsiya bilan to‘qnashuvlarda kamida 2 kishi hayotdan ko‘z yumdi. Namoyishchilar hokimiyat binosi va banklarga tosh otgani aytilmoqda.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Kuhdasht shahrida 20 kishi, Tehron yaqinidagi Malard okrugida esa “jamoat tartibini buzgani uchun” 30 kishi qo‘lga olindi. Mahalliy rasmiylar qo‘lga olinganlarning aksariyati qo‘shni tumanlardan kelganini da’vo qilmoqda.

AQSH Davlat departamenti ham Erondagi vaziyatdan xavotir bildirib, rasmiylarni namoyishchilarga qarshi zo‘ravonlikni to‘xtatishga chaqirdi.

“Avval bozorlar, keyin talabalar, endi esa butun mamlakat. Eronliklar birlashgan. Ularning talabi bitta: bizning ovozimiz va huquqlarimizni hurmat qiling”, deyiladi departament bayonotida.

Bundan oldin pul qadrsizlanishi va yuqori inflyatsiya sababli mamlakat Markaziy Banki rahbari iste’fo bergani haqida xabar berilgan edi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar