Daryo

Eronda “isyonchilar”ga hech qanday shafqat ko‘rsatilmasligi aytildi

Mamlakat sud hokimiyati xalqning namoyish o‘tkazish huquqini tan olgan holda, tartibsizlik keltirib chiqaruvchi “isyonchilar” va ularni qo‘llab-quvvatlovchilarga qat’iy choralar ko‘rilishini bildirdi.

2 daqiqa o‘qish5 411 ko‘rishlar0 izoh2

Eron sud hokimiyati rahbari 5-yanvar kuni, bir haftadan ortiq davom etayotgan va o‘lim qayd etilayotgan noroziliklardan so‘ng, xalqning namoyish o‘tkazish huquqi bo‘lsa-da, mamlakat “isyonchilar”ga nisbatan hech qanday shafqat ko‘rsatmasligini bildirdi. Bu haqda Al Arabiya xabar berdi.

Ushbu bayonot AQSH prezidenti Donald Trampning, agar rasmiylar namoyishchilarni o‘ldirishda davom etsa, Eron “Vashington tomonidan juda qattiq zarbaga uchraydi” degan ogohlantirishidan so‘ng yangradi. Norozilik namoyishlari 28-dekabr kuni poytaxt Tehrondagi do‘kondorlarda pul qadrsizlanishi va yuqori inflyatsiyaga qarshi ish tashlash bilan boshlangan edi. Biroq keyinchalik bu boshqa hududlarga ham tarqalib, siyosiy tus olgan.

“Men bosh prokuror va butun mamlakat bo‘ylab prokurorlarga qonun doirasida, isyonchilar va ularni qo‘llab-quvvatlovchilarga qarshi qat’iyat bilan harakat qilishni hamda hech qanday shafqat yoki ko‘ngilchanlik ko‘rsatmaslikni buyuraman”, dedi G‘ulom Husayn Muhsiniy Ejey.

U so‘zida davom etib, Eron namoyishchilarni va ularning tanqidlarini tinglashini qo‘shimcha qildi. Rasmiy bayonotlar va OAV xabarlariga asoslangan AFP hisob-kitoblariga ko‘ra, namoyishlar Eronning 31 provinsiyasidan 25 tasida bo‘lib o‘tgan. Bu namoyishlarda 30-dekabrdan buyon kamida 12 kishi halok bo‘lgan, ular orasida xavfsizlik kuchlari xodimlari ham bor.

Norozilik namoyishlari boshlanganidan beri rasmiylar namoyishchilarning iqtisodiy talablari borasida xalq bilan kelishuvchan ohangda muloqot qilgan bo‘lsa-da, har qanday tartibsizlik yoki beqarorlashtirishga qarshi qat’iy choralar ko‘rishga va’da berdi.

Eron iqtisodiyoti xalqaro sanksiyalar tufayli qattiq zarbaga uchragan: milliy valyuta — rial 2025-yil davomida AQSH dollariga nisbatan o‘z qiymatining uchdan biridan ko‘prog‘ini yo‘qotgan, inflyatsiya misli ko‘rilmagan ko‘rsatkichga yetgan. Hukumat 4-yanvar kuni iqtisodiy bosimni yumshatish maqsadida har bir fuqaro uchun oylik nafaqa e’lon qildi, bu o‘rtacha oylik ish haqining, taxminan, 3,5 foiziga teng.

“Vaziyat diqqat bilan kuzatilmoqda”

Prezident samolyoti (Air Force One) bortida jurnalistlar bilan suhbatda Tramp AQSH vaziyatni diqqat bilan kuzatayotganini aytdi.

“Agar oldingidek odamlarni o‘ldirish boshlansa, ular AQSH tomonidan juda qattiq zarbaga uchraydi”, dedi Tramp 4-yanvar kuni.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu esa, o‘z navbatida, yahudiy mamlakati Eron xalqining kurashi va ularning ozodlikka bo‘lgan intilishlari bilan birdam ekanini bildirdi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar