Daryo

Zelenskiy va Putin 5 yil ichida ilk bor telefonda gaplashishi mumkin — Fox News

​Rossiya va Ukraina prezidentlari oxirgi marta 2020-yil iyul oyida muloqot qilgan. Aloqalar uzilishidan oldin ham ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi muloqot keskin edi.

2 daqiqa o‘qish7 992 ko‘rishlar0 izoh0

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 5 yildan ortiq vaqt ichida ilk bor Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qilishi mumkin. Bu haqda muzokaralardan xabardor manbaga tayanib, Fox News ma’lum qildi.

Manbaga ko‘ra, urush olib borayotgan ikki davlat rahbarlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri telefon muloqoti tashkil etilishi AQSH prezidenti uchun “diplomatik g‘alaba” bo‘ladi. Telekanal Tramp va Zelenskiy o‘rtasidagi muzokaralar yakunlariga tayanib shunday xulosaga kelgan.

Tramp eng muvaffaqiyatli vositachiga o‘xshaydi, chunki Putin ham, Zelenskiy ham bir-birini emotsional jihatdan qabul qiladi va bu murakkab vazifa, deya tushuntirdi Fox News suhbatdoshi.

​Rossiya va Ukraina prezidentlari oxirgi marta 2020-yil iyul oyida muloqot qilgan. O‘shanda Kiyev “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasiga aloqador yollanma jangchilarni Belarusga aldab olib borish bo‘yicha maxsus operatsiya o‘tkazgan edi. Shundan keyin Zelenskiy bir necha bor Putin bilan telefon orqali gaplashishga uringan, biroq Rossiya prezidenti bundan bosh tortgan.

2024-yilning avgust va sentyabr oylarida suhbatlashish uchun imkoniyatlar bor edi, ammo Ukraina Kursk viloyatiga bostirib kirganida ular yana yo‘qoldi, dedi manba.

​Aloqalar uzilishidan oldin ham ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi munosabatlar keskin bo‘lgan.

Muzokaralar chog‘ida Putin har doim sukutda bo‘lgan, Zelenskiy esa aloqa o‘rnatishga harakat qilgan, deya qo‘shimcha qildi Fox News suhbatdoshi.

​Zelenskiy 28-dekabr kuni Tramp bilan uchinchi bor shaxsan uchrashdi. Undan oldin Oq uy rahbari Putin bilan telefonda ikki soat 15 daqiqa suhbatlashgan. Financial Times manbalariga ko‘ra, bu holat Ukraina vakillarini xavotirga solgan. Shunga qaramay, AQSH prezidenti Ukraina rahbari bilan uchrashuvni “ajoyib” deb baholadi. U tinchlik rejasi bandlarining 95 foiz bo‘yicha kelishuvga erishilganini aytdi. Biroq Putin Ukraina qo‘shinlari olib chiqilishini talab qilayotgan Donbass masalasi hanuz ochiq qolmoqda. Tramp, shuningdek, Rossiya Ukrainaning qayta tiklanishiga yordam berishini ta’kidladi.

Rossiya Ukrainaning muvaffaqiyatga erishishini istaydi. Bu biroz g‘alati eshitilishi mumkin, ammo Putin Ukrainani tiklash masalasida juda saxiy, u arzon elektr energiyasi yetkazib berishga ham tayyor, dedi Tramp.

​U, shuningdek, Putin nega o‘t ochishni to‘xtatishni istamayotganini “tushunishini” bildirdi.

Uning fikricha, hozir janglar davom etmoqda, agar ularni to‘xtatsa, keyin yana qayta boshlashga to‘g‘ri kelishi mumkin. U bunday holatni istamaydi. Men uning pozitsiyasini tushunaman, dedi Oq uy rahbari.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar