AQSH prezidenti Donald Tramp va Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy 28-dekabr kuni Floridada uch soatlik muzokara olib bordi. Ular uchrashuvdan so‘ng Rossiya bilan tinchlik o‘rnatish yo‘lida katta yutuqlarga erishganini aytdi. Biroq asosiy masala hal etilmay qoldi: Putin Donbassni talab qilmoqda, Zelenskiy bunga qarshi, Tramp esa tomonlar kelishuvga erishishini istaydi. Bu safar AQSH va Ukraina rahbarlari bir necha hafta ichida tinchlik bitimi shartlari ancha aniq bo‘lishini aytmoqda.
Deyarli hamma masala bo‘yicha “ajoyib suhbat”
Tramp bilan uchrashuvdan oldin Zelenskiy bu “yilning eng faol diplomatik kunlaridan biri” bo‘lishini, “yil oxirigacha ko‘p narsalar” hal bo‘lishi mumkinligini aytgan edi. AQSH va Ukraina delegatsiyalarining muzokaralari Trampning shaxsiy Mar-a-Lagodagi qarorgohida qariyb uch soat davom etdi.
Muzokaralar yakunida Tramp darhol ularni “ajoyib” deb baholab, bu “a’lo darajadagi suhbat” Rossiya–Ukraina urushining yakuniga sezilarli darajada yaqinlashtirganini aytdi.
“Biz maqsadga juda yaqinmiz, balki nihoyatda yaqinmiz ham. Ko‘pchilik buni imkonsiz deb aytganiga qaramay, biz juda katta tafsilotlargacha kelishib oldik. Ertaga davom ettiramiz”, dedi Oq uy rahbari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tinchlik kelishuvi deyarli tayyor bo‘lib, tomonlar shartlarning qariyb 95 foizi bo‘yicha kelishib olgan. Shu bilan birga, Tramp asosiy masala — Donbass hududlari kimga tegishli bo‘lishi — hali ochiq qolayotganini ham tan oldi. Tramp buni “eng muhim” masala deb atadi.
Zelenskiy muzokaralar yakunida Donbass masalasi hali ham maksimal darajada dolzarb ekanini va Ukrainaning bu boradagi pozitsiyasi “aniq va Rossiyadan farq qilishini” ta’kidladi. Prezidentga ko‘ra, Ukraina uchun barqaror tinchlikka erishishdagi eng muhim bosqich — hududiy masala emas, balki mamlakat uchun xavfsizlik kafolatlaridir.
U Ukraina jamoasi bu band ustida Yevropa siyosatchilari bilan ishlashni davom ettirishini, barcha muhokama qilingan masalalarni yakunlash zarurligini va bu jarayon yaqin haftalarda amalga oshishi mumkinligini aytdi.
Tramp muzokaralardan keyin ham jurnalistlar savollariga javob berar ekan, hududlar bo‘yicha kelishuvni iloji boricha tezroq tuzish kerakligini ta’kidladi. U Ukraina “katta jasorat ko‘rsatgani...va (dushmanga)katta zarar yetkazgani”ni, ammo mojaroga “nuqta qo‘yish vaqti kelgani”ni qayd etdi.
AQSH prezidenti hatto Ukraina parlamenti oldida chiqish qilishga tayyorligini aytib, tinchlik kelishuvi zarurligini tushuntirdi. Zelenskiy bunga diplomatik tarzda “Sizni kutishdan doim xursandmiz” deya javob qaytardi.
Rossiyaning pozitsiyasi qanday?
Rossiya Donbass hududlarining kimga tegishli bo‘lishini o‘zi uchun eng muhim masala deb hisoblamoqda. Putin bu boradagi pozitsiyasini Donald Tramp bilan bo‘lib o‘tgan telefon suhbatida bildirgan. Ushbu suhbat Zelenskiy bilan uchrashuvdan sal oldin, o‘sha kunning o‘zida bo‘lib o‘tgan.
Putin Trampni Ankorijda ular o‘rtasida erishilgan “tushunishlar”ga asoslanishga chaqirgan. Garchi o‘sha paytda muhim kelishuvlar haqida rasmiy ma’lumot berilmagan bo‘lsa-da. Uning yordamchisi Yuriy Ushakov esa Rossiya tomonining asosiy talabini ochiq aytdi: Kiyev Donbass bo‘yicha “jasoratli va mas’uliyatli siyosiy qaror” qabul qilishi kerak.
“Donbassga taalluqli bu qarorni, frontlarda yuzaga kelayotgan vaziyatni hisobga olgan holda, Ukraina kechiktirmasdan qabul qilishi mantiqan to‘g‘ri bo‘lardi”, degan Ushakov.
Ushakovning so‘zlariga ko‘ra, Putin va Tramp Floridadagi muzokaralar yakunidan so‘ng yana bir bor telefon orqali muloqot qilishni rejalashtirmoqda.
“Men unga ishonaman”
Donald Tramp ham, Vladimir Zelenskiy ham urushni to‘xtatadigan qarorlarni kutish mumkin bo‘lgan haftalar haqida gapirmoqda. Ammo bu yana Donbass masalasiga taalluqli emas. Zelenskiy bu masalani Ukraina xalqi yoki uning saylangan vakillari hal qilishi kerakligini ta’kidlamoqda.
Bu kelishuvchi tomonlarni boshi berk ko‘chaga kiritishi mumkin. Ukraina ovoz berishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish vaqtida o‘t ochishni to‘xtatishni talab qilmoqda, Rossiya esa buni rad etmoqda, Putin esa bu hududlarni harbiy yo‘l bilan ham qo‘lga kiritishi mumkinligini bir necha bor takrorlagan.
Ukraina prezidenti hozir muhokama qilinayotgan tinchlik kelishuvining istalgan bandi ham referendumga, ham mamlakat parlamenti muhokamasiga qo‘yilishi mumkinligini aytgan. Tramp hali kutilmagan muammolar yuzaga kelishi mumkinligini istisno qilmadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tinchlik rejasidagi har qanday band “ehtimol, juda muhim bo‘lib chiqadi” va butun kelishuvni buzadi.
Urush qanchalik tez tugashi mumkinligi haqidagi savolga javob berar ekan, Tramp yana bir necha hafta ichida aniqlik kiritilishi kerakligini aytdi. U yaqin kelajakda AQSH, Ukraina va Rossiya o‘rtasida uch tomonlama uchrashuv o‘tkazilishi ehtimoli katta deb baholadi.
“Putin shunday bo‘lishini istaydi. U menga juda aniq aytdi, men unga ishonaman”, dedi AQSH rahbari.








