Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy mamlakatda prezidentlik saylovlarini o‘tkazish uchun ovoz berish davrida o‘t ochish to‘xtatilishi shartligini aytdi. U bu haqda videokonferensiya shaklida o‘tkazilgan “ko‘ngillilar koalitsiyasi” yig‘ilishida ma’lum qildi.
Zelenskiy amerikalik hamkasbi Donald Tramp talab qilayotgan prezidentlik saylovlarini urush sharoitida o‘tkazish mumkinligini aytdi.
“Biz prezident Tramp bilan har qanday shaklda hamkorlik qilishga tayyormiz. Agar prezident Tramp Ukrainadagi saylovlar haqida ko‘proq gapirayotgan bo‘lsa, men buni mutlaqo ochiq aytmoqchiman: biz saylov o‘tkazishga harakat qilishimiz mumkin. Ukraina demokratiyadan qochmayapti”, dedi siyosatchi.
Zelenskiy saylovlarni o‘tkazish uchun xavfsizlikni ta’minlash zarurligini ta’kidladi va bunda “Amerika eng katta yordam bera olishi”ni aytdi.
“Agar saylov o‘tkazish zarurati tug‘ilsa, hech bo‘lmaganda saylov jarayoni va ovoz berish davrida o‘t ochish to‘xtatilishi kerak. Bu muhokama qilinishi lozim bo‘lgan masala. Ochig‘ini aytganda, Amerika bu masalani Rossiya tomoni bilan muhokama qilishi kerak deb hisoblaymiz”, dedi Ukraina prezidenti.
Zelenskiy xavfsizlik ta’minlansa, saylovlar yaqin 60–90 kun ichida o‘tkazilishi mumkinligini ta’kidlagan.
- Tramp: “Hozir Ukrainada saylovlar o‘tkazish uchun muhim payt”
AQSH prezidenti dekabr oyi boshida Ukrainada prezidentlik saylovlari o‘tkazilishi kerakligini aytgandi.
“Ha, vaqti keldi deb o‘ylayman. Hozir saylov o‘tkazish uchun muhim payt. Ular saylov o‘tkazmaslik uchun urushdan foydalanmoqda, lekin menimcha, Ukraina xalqi bunday tanlov huquqiga ega bo‘lishi kerak”, degan Tramp.
U ovoz berish natijalariga ko‘ra Zelenskiy yana g‘alaba qozonishi mumkinligini istisno etmagan. Tramp Ukrainada saylov o‘tkazishga chaqiriq bilan fevral oyida ham chiqqan edi. Ammo o‘shanda u Zelenskiyni “saylovsiz diktator” deb atagan va uning reytingi 4 foiz ekanini da’vo qilgan. AQSH prezidenti bunga hech qanday dalil keltirmagan.
- Ukrainada harbiy holat sharoitida saylovlar taqiqlangan
Ukraina prezidentining navbatdagi saylovi 2024-yilda bo‘lib o‘tishi kerak edi, biroq Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan beri mamlakatda joriy etilgan harbiy holat tufayli uni o‘tkazish kechiktirildi. Shu asosda Rossiya rasmiylari bir necha bor Zelenskiyning davlat rahbari sifatidagi maqomini noqonuniy deb ta’kidladi.
Ukrainada prezidentining navbatdagi saylovi 2024-yilda bo‘lib o‘tishi kerak edi, biroq Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan beri mamlakatda joriy etilgan harbiy holat tufayli uni o‘tkazish kechiktirildi. Shu asosda Rossiya rasmiylari bir necha bor Zelenskiyning davlat rahbari sifatidagi maqomini noqonuniy deb ta’kidlab kelgan.
Harbiy holat sharoitida Oliy Rada (parlament)da saylov o‘tkazish mamlakat konstitutsiyasi bilan taqiqlangan. Prezident saylovlarini o‘tkazish esa konstitutsiyadan farqli o‘laroq, alohida qonunlar bilan tartibga solinadi va ular “rasmiy-huquqiy nuqtai nazardan” o‘zgartirilishi mumkin. Buning uchun parlament deputatlarining ko‘pchilik ovozi va shundan so‘ng prezidentning farmoni talab etiladi.








