Daryo

Yonilg‘i tanqisligi sabab G‘azoning eng yirik shifoxonalaridan biri o‘z faoliyatini to‘xtatdi

Isroil tomoni oktyabr oyida kelishilgan sulh shartlariga rioya qilmay, belgilangan yonilg‘ining atigi 10 foizini kiritishga ruxsat bergan. Bu esa birinchi navbatda sog‘liqni saqlash muassasalaridagi vaziyatni murakkablashtirgan.

2 daqiqa o‘qish5 884 ko‘rishlar0 izoh0

HAMAS va Isroil o‘rtasida tuzilgan oktyabr oyidagi sulhga qaramay, yahudiy davlati anklav uchun kerak bo‘lgan yonilg‘ining atigi 10 foizini kiritishga ruxsat bergan. Natijada taqchillik sabab G‘azo shifoxonalaridan biri o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan. Gap anklav markazidagi Al-Avda shifoxonasi haqida ketmoqda.

Kasalxona direktori Ahmad Muhanna bu haqda Al-Jazira telekanaliga ma’lum qilar ekan, bu u va hamkasblari uchun og‘ir qaror bo‘lganini aytdi. Muhanna, shuningdek, sog‘liqni saqlash muassasalarini yonilg‘idan mahrum qilish minglab falastinliklar hayotini xavf ostiga qo‘yishini qo‘shimcha qildi.

Al-Avda shifoxonasi bir necha bor Isroil hujumlari markazida bo‘lgan
Foto: Qatar news agency

Al-Avda shifoxonasi Nusayrat qochqinlar lagerida joylashgan bo‘lib, asosan tug‘ruqxona sifatida xizmat qiladi. Qolaversa, sun’iy hosil qilingan ocharchilik sabab aziyat chekkan o‘nlab bolalar ham aynan shu yerda parvarishlanmoqda. Muhannaning so‘zlariga ko‘ra, imkoniyatlar torayib ketgani bois kamida 30 nafar bola boshqa shifoxonalarga ko‘chiriladi.

“Agar tibbiy xizmatlar to‘liq to‘xtasa, haqiqiy inqiroz yuz beradi”, dedi shifoxona rahbari xalqaro hamjamiyatni zudlik bilan aralashishga chaqirar ekan.

​Yonilg‘i qamali

Isroil G‘azoga kiritiladigan gumanitar yuklar turi va hajmini nazorat qiladi. G‘azo shifoxonalari uchun favqulodda muhim bo‘lgan yonilg‘i ham bundan mustasno emas. Uning cheklangan miqdorda kiritilishi butun anklav bo‘ylab ta’sir ko‘rsatmoqda. Natijada elektr energiyasi uchun generatorlardan foydalanadigan sog‘liqni saqlash muassasalari ishida uzilishlar kuzatilyapti.

G‘azoga yonilg‘i olib kirgan tanker
Foto: Anadolu agentligi

Ikki yil davom etgan mojaro vaqti Isroil yonilg‘i va boshqa zarur mahsulotlarning anklavga kiritilishini keskin chekladi. Oktyabr oyidagi sulh bitimiga ko‘ra, yahudiy davlati G‘azoga gumanitar yordam ortilgan 600 ta yuk mashinasi, jumladan 50 ta yonilg‘i tankerlarini kiritishi kerak edi. Biroq G‘azo hukumati media idorasi ma’lumotiga ko‘ra, isroilliklar kelishilgan miqdorning atigi 10 foiziga ruxsat bergan.

“Shifoxonalar, nonvoyxonalar, suv va oqova tizimlari deyarli falaj holatda, bu esa tinch aholining azob-uqubatini yanada kuchaytirmoqda”, deyiladi bayonotda.

​HAMAS va Isroil o‘rtasidagi sulh kuchga kirganiga qaramay, yahudiy davlati G‘azo bo‘ylab hujumlarni davom ettirmoqda. Isroil qurolli kuchlari 25-dekabr kuni g‘azolik erkak Sami Ahmad Atiya Abu Darabiyni otib o‘ldirgani xabar qilindi. Guvohlarga ko‘ra, voqea Bayt Lahiya hududida sodir bo‘lgan.

Andijonlikman, Toshkentda yashayman. Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tamomlaganman. “Daryo” tahririyatida 2024-yil noyabr oyidan buyon muxbir sifatida ishlayman va siyosiy, ijtimoiy hamda harbiy yoʻnalishlarga ixtisoslashgan materiallar tayyorlayman. “If qaʼlasining mahbusi” filmini miriqib tomosha qilaman. Lev Tolstoyning asarlarini, ayniqsa, “Urush va tinchlik”ni yoqtiraman.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar