Daryo

Nigeriyadagi masjid portlatildi, qurbonlar bor (video)

Hodisa kechki namoz vaqtida sodir bo‘lgan. Hozircha hech bir guruh portlash uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan.

1 daqiqa o‘qish4 973 ko‘rishlar0 izoh1

Nigeriyadagi masjidda 24-dekabr kuni kechki namoz vaqtida portlash sodir bo‘ldi. Hodisa oqibatida kamida 7 kishi halok bo‘ldi, 35 kishi jarohatlandi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.

Portlash mahalliy vaqt bilan taxminan soat 18:00 da Borno shtatidagi Maiduguri shahrida sodir bo‘ldi. Politsiya matbuot kotibi Nahum Daso hodisani tasdiqlab, masjid joylashgan Gamboru bozorida portlovchi moddalarni zararsizlantirish bo‘yicha maxsus guruh ish olib borayotganini aytdi.

  • Qurbonlar soni borasida ma’lumotlar turlicha

Politsiya vakillariga ko‘ra, hodisa oqibatida besh kishi halok bo‘lgan. Biroq masjid rahbari Malam Abuna Yusuf kamida sakkiz kishi o‘lganini ma’lum qildi. Mahalliy militsiya yetakchisi Babakura Kolo esa bu raqamni yettiga yetkazgan. Portlash sababi hozircha aniqlanmagan. Ammo hodisa so‘nggi qariyb 20 yil davomida Boko Haram va uning hududdagi bo‘linmalari faol bo‘lgan mintaqada yuz berdi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2009-yildan buyon davom etayotgan qurolli to‘qnashuvlar kamida 40 ming kishining hayotiga zomin bo‘lgan, qariyb ikki million odam esa o‘z uy-joyini tark etishga majbur bo‘lgan. So‘nggi yillarda zo‘ravonliklar kamayganiga qaramay, ular qo‘shni Niger, Chad va Kamerun hududlariga ham yoyilgan. So‘nggi yillarda nisbatan osoyishta bo‘lib kelayotgan Maiduguri shahrida oxirgi yirik hujum 2021-yilda qayd etilgan.

Boko Haram 2009-yilda Borno shtatida qo‘zg‘olon boshlagan bo‘lib, uning maqsadi islomiy xalifalik barpo etish edi. Harbiy amaliyotlar va mintaqaviy hamkorlikka qaramay, Nigeriyaning shimoli-sharqiy hududlarida vaqti-vaqti bilan sodir bo‘layotgan hujumlar tinch aholi xavfsizligiga hanuz tahdid solmoqda.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar