Suriyaning Homs shahridagi masjidda 26-dekabr kuni juma namozidan so‘ng portlash sodir bo‘ldi. Oqibatda kamida 6 kishi hayotdan ko‘z yumdi, 20 dan ortiq kishi jarohatlandi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.
Hodisa shaharning Vadi al-Dahab mavzesida joylashgan Imom Ali bin Abi Tolib masjidida sodir etilgan. Mahalliy rasmiylarning Reuters agentligiga ma’lum qilishicha, portlash xudkush terrorchi tomonidan amalga oshirilgan yoki binoga oldindan portlovchi qurilma o‘rnatilgan bo‘lishi mumkin. Hozirda xavfsizlik kuchlari hududni qurshovga olgan va surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Mazhablararo nizo xavfi
Al Jazeera muxbiri Ayman Og‘annaning ta’kidlashicha, Homs shahri aholisi turli mazhab vakillari — alaviylar, nasroniylar va sunniy musulmonlardan iborat. Mazkur hujum aynan alaviylar masjidiga qaratilgani mamlakatda mazhablararo keskinlikni yanada alanga oldirishi mumkinligidan xavotir bildirilmoqda.
Hozircha hech bir guruh hujum uchun javobgarlikni zimmasiga olgani yo‘q. Biroq oxirgi vaqtlarda Suriyada ISHID terrorchilik guruhi faollashgani kuzatilmoqda. Xabarda aytilishicha, hukumat kuchlari yaqinda Halab yaqinida operatsiya o‘tkazib, ISHIDning uch nafar a’zosini hibsga olgan.
Mintaqadagi vaziyatO‘tgan haftada AQSH harbiylari ikki nafar amerikalik askar va bir nafar tarjimonning o‘ldirilishiga javoban Suriyadagi ISHID nishonlariga aviazarbalar yo‘llagan edi. Damashq ma’muriyati ham noyabr oyida ISHIDga qarshi global alyansga qo‘shilib, guruhning qolgan vakillarini yo‘q qilishga harakat qilmoqda.
Xususan, mamlakat rasmiylari so‘nggi bora AQSH boshchiligidagi xalqaro koalitsiya bilan hamkorlikda ISHID terrorchilik guruhining yirik yetakchilaridan birini yo‘q qilganini ma’lum qilgan. Unda ISHIDning Suriyadagi eng ko‘zga ko‘ringan yetakchilaridan biri hisoblangan, Abu Omar Shaddod laqabi bilan tanilgan terrorchi Muhammad Shahoda o‘ldirilgan edi.
Bugungi, 26-dekabr kungi, qonli hujum esa Damashqdagi yangi hukumat nazoratni o‘rnatishga urinayotgan bir paytda, mamlakatdagi xavfsizlik qanchalik mo‘rt bo‘lib qolayotganini ko‘rsatmoqda.
ISHID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.








