Angliyaning ikki klubi “Chelsi” hamda “Manchester Yunayted” “Barselona” sobiq futbolchisi, hozirda “Palmeyras” safida to‘p surayotgan hujumchi Vitor Rokega qiziqish bildirmoqda. Bu haqda Sky Sport Switzerland nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, futbolchi “Chelsi” bilan shartnoma imzolashga qarshi emas. Shuning uchun bu kurashda London klubining imkoniyatlari ancha yuqori baholanmoqda. Chunki Roke “aristokratlar” bosh murabbiyi Enso Mareskaning olib borayotgan ishlaridan juda mamnun bo‘lgan. Qolaversa, londonliklar sharafini himoya qilayotgan “Palmeyras” sobiq futbolchisi Estevao ham ushbu transferda muhim rol o‘ynamoqda.
Avvalroq 20 yoshli Rokening transfer qiymati 50 million yevroga baholanayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Agar muzokaralar ijobiy yakunlansa, Vitor qishki transfer oynasi vaqtida “Chelsi” bilan shartnoma imzolashi mumkin.
Ma’lumot uchun, Vitor Roke 2024–2025-yillarda “Barselona” futbolchisi bo‘lgan. Shu davr mobaynida kataloniyaliklar safida jami 16 ta uchrashuvda maydonga tushib, 2 ta gol urgan. Hozirda uning “Palmeyras” bilan shartnomasi 2029-yil oxirigacha amal qiladi. Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, futbolchining bozor qiymati 35 million yevroni tashkil etadi.








