Kataloniyaning “Barselona” klubining fransiyalik futbolchisi Jyul Kunde yozgi transfer oynasida boshqa jamoaga o‘tishi mumkin. Topskills Sports UK nashrining xabar berishiga ko‘ra, Madridning “Real” klubi himoyachiga jiddiy qiziqish bildirmoqda.
Kataloniya klubi rahbariyati Kundeni jamoaning asosiy va “tegib bo‘lmas” futbolchilaridan biri deb hisoblasa-da, moliyaviy vaziyat sababli munosib takliflarni ko‘rib chiqishga tayyor. Xususan, agar “ko‘k-anorranglilar”ga 60–80 million yevro atrofidagi taklif tushsa, transfer amalga oshishi mumkin.
Shuningdek, 27 yoshli himoyachiga Angliya Premyer Ligasidan ham takliflar tushmoqda. Jumladan, Kunde uchun kurashga Londonning “Chelsi” klubi ham qo‘shilgan.
Ma’lumot uchun, Kundening “Barselona” bilan amaldagi shartnomasi 2030-yilga qadar imzolangan. Joriy mavsumda himoyachi barcha turnirlar doirasida jami 36 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga 3 ta gol va 2 ta golli uzatma yozdirib qo‘ygan. Transfermarkt portali fransiyalik futbolchining bozor qiymatini 65 million yevroga baholamoqda.
Jyul Kunde kataloniyaliklar bilan birga ikki bor Ispaniya chempionligi (La Liga), bir marta Ispaniya kubogi va uch bor Ispaniya Superkubogi sohibiga aylangan.








