Daryo

Salvadorda jinoiy to‘da a’zolari 1335 yilgacha qamaldi

MS-13 nomli ko‘cha to‘dasining 248 nafar a’zosiga hukm chiqarildi. U va yana bir guruh 200 mingga yaqin odamning o‘limiga sabab bo‘lganlikda ayblanmoqda.

1 daqiqa o‘qish5 808 ko‘rishlar0 izoh3

Salvadorda mashhur Mara Salvatrucha (MS-13) nomli ko‘cha to‘dasi a’zolariga nisbatan qamoq jazolari e’lon qilindi. Eng og‘ir hukm 1 335 yilni tashkil etdi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.

Bosh prokuraturaga ko‘ra, jinoiy guruhning 248 nafar a’zosi 43 ta qotillik, 42 ta bedarak yo‘qolish holati va boshqa jinoyatlar uchun “namunali jazolar” olgan. Hukm qachon chiqarilgani va sud jarayonlari ommaviy tarzda o‘tkazilgan yoki yo‘qligi noma’lum. MS-13 a’zolaridan biri 1 335 yilga, yana 10 nafar shaxs esa 463 yildan 958 yilgacha ozodlikdan mahrum etildi.

2022-yil martidan beri prezident Nayib Bukele favqulodda holat doirasida jinoiy guruhlarga qarshi keskin choralar ko‘rmoqda. U to‘da a’zolarini sud orderisiz hibsga olishga ruxsat bergan. Natijada 90 mingdan ortiq odam hibsga olingan, 8 mingga yaqini aybsiz deb topilganidan keyin ozod qilingan.

Bukelening to‘dalarga qarshi siyosati mamlakatda qotilliklar sonini keskin kamaytirdi. Biroq inson huquqlari tashkilotlari xavfsizlik kuchlari tomonidan qonun buzilishlari sodir etilayotganini aytmoqda.

Salvador hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, MS-13 va yana bir Barrio-18 nomli to‘da o‘ttiz yil davomida 200 mingga yaqin odamning o‘limiga sabab bo‘lgan. Ikki to‘da bir vaqtlar mamlakatning, taxminan, 80 foizini nazorat qilgan. O‘shanda Salvador dunyodagi eng yuqori qotillik ko‘rsatkichlaridan biriga ega edi.

Bosh prokuratura ta’kidlashicha, to‘da a’zolari tadbirkorlardan ularga zarar yetkazmaslik evaziga turli miqdorda pul talab qilgan. Ayrimlar bosim va qo‘rquv sabab biznesini yopishga majbur bo‘lgan. AQSH MS-13 hamda Markaziy va Janubiy Amerikadagi bir qator boshqa jinoiy guruhlarni xorijiy terrorchi tashkilotlar deb e’lon qilgan.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar