Daryo

Gaiti poytaxtining 90 foizini jinoiy to‘dalar egallab oldi — BMT

Mamlakatda so‘nggi suiqasddan so‘ng hali ham prezident saylanmagan

1 daqiqa o‘qish9 144 ko‘rishlar0 izoh0

Gaitida jinoiy to‘dalar poytaxtning 90 foiz nazoratini qo‘lga kiritdi. Bu haqda BMT vakiliga tayanib, Fox News xabar berdi.

Foto: Fox News

BMT vakili 2-iyul kuni Gaitini “qulash arafasida” turganini ta’kidlagan.  To‘dalar poytaxt Port-o-Prensning taxminan 90 foizini nazorat qilmoqda. Bu haqda BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi ijrochi direktori Gada Fati Vali Xavfsizlik kengashiga ma’lum qilgan. U ushbu to‘dalar yanada keng hududlarni egallab olayotganidan ogohlantirgan.

“Yaqin vaqtgacha zo‘ravonlikdan holi bo‘lgan Gaiti janubida to‘dalar bilan bog‘liq hodisalar soni keskin oshdi. Sharqda esa jinoiy guruhlar quruqlikdagi yo‘llardan, jumladan Belladere va Malpasse kabi muhim o‘tish joylaridan foydalanmoqda. U yerda politsiya va bojxona xodimlariga hujumlar haqida xabar berilgan”, dedi Vali.

BMT bosh kotibi yordamchisi Miroslav Jenkaning ma’lum qilishicha, “Port-o-Prensda davom etayotgan to‘dalar qurshovi” va ularning mamlakatdagi mustahkamlangan tayanchi “vaziyatni jar yoqasiga yaqinlashtirmoqda”.

To‘dalar 2021-yil iyul oyida prezident Jovenel Moiz o‘ldirilganidan keyin hokimiyatni qo‘lga kiritgandi. Ilgari ular poytaxtning 85 foizini nazorat qilgan. Yuqoridagi suiqasddan keyin Gaitida prezident saylanmagan.

“Hududiy nazoratning kengayishi to‘dalarga qo‘shimcha daromad manbalari va muzokaralar uchun imkoniyat beradi. Biroq bu hujumlar o‘z maqsadlari uchun siyosiy holatni beqarorlashtirishga urinayotgan shaxslar tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanmoqda”, deyiladi BMT ekspertlari hisobotida.

AQSH Davlat departamenti 2024-yil sentyabr oyida Gaitiga sayohat qilish bo‘yicha rasmiy xabarnoma bilan chiqqan. Unda amerikaliklar odam o‘g‘irlash, jinoyatchilik, fuqarolik tartibsizliklari va cheklangan sog‘liqni saqlash tufayli mamlakatga tashrif buyurishdan qaytarilgandi.

May oyida Tramp ma’muriyati Gaitining eng qudratli ikki to‘da tarmog‘i — “Viv Ansanm” va “Gran Grif”ni xorijiy “terrorchilik tashkilotlari” va maxsus tayinlangan “global terrorchilar” deb e’lon qilgan.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar