Hindiston Rossiyadan neft sotib olishni toʻxtatishga rozi boʻldi. Bu haqda AQSH prezidenti Donald Tramp maʻlum qildi.
Trampning soʻzlariga koʻra, u 2-fevral kuni Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bilan telefon orqali muloqot qilgan. Ushbu suhbatda Modi Rossiya neftini xarid qilishni toʻxtatishga rozilik bildirgan.
U tegishli qaror ortidan AQSH Hindiston uchun savdo bojini zudlik bilan 25 foizdan 18 foizga tushirishga rozi bo‘lganini aytdi. Shuningdek, Hindiston AQSHdan 500 milliard dollardan ortiq miqdorda energetika, texnologiya, qishloq xo‘jaligi, ko‘mir va boshqa ko‘plab mahsulotlarni xarid qilishga rozi bo‘lganini bildirdi.“Hindiston bosh vaziri Modi bilan suhbatlashish men uchun sharaf bo‘ldi. U mening eng yaqin do‘stlarimdan biri, o‘z mamlakatining qudratli va hurmatli rahbari. Biz ko‘p narsalar, jumladan, savdo, Rossiya va Ukraina bilan urushni tugatish haqida gaplashdik. U Rossiya neftini sotib olishni to‘xtatishga, Qo‘shma Shtatlar va, ehtimol, Venesueladan ko‘proq sotib olishga rozi bo‘ldi. Bu har hafta minglab odamlar halok bo‘layotgan Ukrainadagi urushni tugatishga yordam beradi!”, deya qarorni izohladi AQSH prezidenti.
U Hindiston AQSHga nisbatan boj va bojxona bilan bog‘liq bo‘lmagan to‘siqlarni nol darajagacha tushirish yo‘lida harakat qilishini aytdi.“Modi Amerika tovarlarini sotib olishni kengaytiradi”, dedi AQSH prezidenti.
Modi Rossiya neftini tilga olmadi
O‘z navbatida, Hindiston Vazirlar Mahkamasi rahbari X ijtimoiy tarmog‘ida AQSH prezidenti bilan “ajoyib” suhbat o‘tkazganini yozdi.
“Hindistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarga endi tarif 18 foizgacha pasaytirilishidan juda xursandman. Ikki yirik iqtisodiyot va dunyodagi eng yirik demokratiyalar birgalikda ishlasa, bu xalqlarimizga foyda keltiradi va o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun ulkan imkoniyatlar ochadi”, dedi u va Rossiya nefti bilan bog‘liq vaziyatni tilga olmadi.








