AQSH prezidenti Donald Tramp sanksiyalar ostidagi barcha neft tankerlarining Venesuelaga kirishi va undan chiqishiga “to‘liq va mutlaq” blokada joriy etishni buyurdi.
Prezidentning bu bayonoti AQSH sanksiya ostidagi neft tankerini Venesuela qirgʻoqlarida qo‘lga olishidan bir hafta o‘tib yangradi. Bundan tashqari, AQSH giyohvand moddalar kontrabandasiga qarshi operatsiya doirasida qirgʻoqlar yaqiniga katta miqdorda harbiy kuchlarini joylashtirgan.“Venesuela Janubiy Amerika tarixidagi eng yirik Armada (harbiy flot) tomonidan butunlay o‘rab olingan...Bizning boyliklarimizni o‘g‘irlagani va boshqa ko‘plab sabablar, jumladan, terrorizm, giyohvand moddalar kontrabandasi va odam savdosi uchun Venesuela rejimi xorijiy terroristik tashkilot deb e’lon qilindi.
Shu bois men Venesuelaga kirib-chiqayotgan barcha sanksiyalangan neft tankerlarini toʻliq va butunlay blokada qilishni buyuraman”, deb yozdi Tramp oʻzining Truth Social sahifasida.
AQSH harbiylari sentyabr oyidan beri Venesuela yaqinidagi Tinch okeanining sharqiy qismi va Karib dengizida o‘nlab kemalarga hujum qilib, kamida 90 kishini o‘ldirdi. Bu harakatlar xalqaro huquq ekspertlari tomonidan “suddan tashqari qotillik” sifatida tanqid qilindi. Vashington kemalarni giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanganlikda aybladi, ammo o‘z da’volarini tasdiqlash uchun hech qanday dalil keltirmadi.
Venesuela uzoq vaqtdan beri AQSH harbiylarining mintaqaga joylashtirilishini “Venesuelaning ulkan neft va gaz boyliklarini egallashga urinish”, deya baholab keladi.
Dunyodagi eng katta tasdiqlangan neft zaxiralariga ega bo‘lishiga qaramay, Venesuela Trampning ilk prezidentligi davrida joriy etilgan AQSH sanksiyalari sababli so‘nggi yillarda eksport bo‘yicha keskin cheklovlarga duch kelgan.








