Daryo

The Best FIFA Football Awards. Usmon Dembele — 2025-yilning eng yaxshi futbolchisi

Shuningdek, “PSJ” bosh murabbiyi Luis Enrike yilning eng yaxshi murabbiyi deb topildi.

2 daqiqa o‘qish5 627 ko‘rishlar0 izoh0

Fransiya terma jamoasi va “PSJ” hujumchisi Usmon Dembele Xalqaro futbol federatsiyalari assotsiatsiyasi (FIFA) tomonidan 2025-yilning eng yaxshi futbolchisi sifatida e’tirof etildi. Ushbu mukofot The Best FIFA Football Awards marosimi doirasida topshirildi.

Ortda qolgan mavsumda Dembele “PSJ” safida Fransiya chempionligi, mamlakat Kubogi va Superkubogini qo‘lga kiritdi, shuningdek, Yevropa Chempionlar ligasi g‘olibiga aylandi. Bundan tashqari, fransuz grandi bilan Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati finaliga qadar yetib bordi. Shuningdek, u France Football nashri tomonidan topshiriladigan 2025-yilgi “Oltin to‘p” mukofotiga ham sazovor bo‘ldi.

2024/25-yilgi mavsum davomida 28 yoshli hujumchi barcha musobaqalarda jami 53 ta uchrashuvda maydonga tushib, 35 ta gol urdi va 16 ta golli uzatma amalga oshirdi.

Shuningdek, FIFA tomonidan 2025-yilning ramziy terma jamoasi ham e’lon qilindi. Yil ramziy jamoasidan quyidagi futbolchilar o‘rin oldi: darvozabon — Janluiji Donnarumma (“Manchester Siti”); himoyachilar — Ashraf Hakimi (“PSJ”), Villian Pacho (“PSJ”), Virjil Van Deyk (“Liverpul”), Nunu Mendesh (“PSJ”); yarim himoyachilar — Koul Palmer (“Chelsi”), Jud Bellingem (“Real Madrid”), Vitinya (“PSJ”), Pedri (“Barselona”); hujumchilar — Lamin Yamal (“Barselona”) va Usmon Dembele (“PSJ”).

Bundan tashqari, “PSJ” bosh murabbiyi Luis Enrike FIFA talqiniga ko‘ra 2025-yilning eng yaxshi murabbiyi deb topildi. Ushbu nominatsiya uchun, shuningdek, Hans-Diter Flik (“Barselona”), Enso Mareska (“Chelsi”), Mikel Arteta (“Arsenal”), Arne Slot (“Liverpul”), Roberto Martines (Portugaliya terma jamoasi) va Xavyer Agirre (Meksika terma jamoasi) ham da’vogarlik qilgan edi.

Luis Enrike boshchiligida “PSJ” o‘tgan mavsumda Chempionlar ligasi, Fransiya chempionati, mamlakat Kubogi va Superkubogida g‘alaba qozondi. Shuningdek, jamoa Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati finaliga chiqib, Yevropa Superkubogini ham qo‘lga kiritdi.

Ayollar futboli bo‘yicha ham yilning eng yaxshilari aniqlandi. 2025-yilning eng yaxshi ayol futbolchisi sifatida “Barselona” yarim himoyachisi Aitana Bonmati e’tirof etildi. Eng yaxshi murabbiy mukofoti Angliya terma jamoasini Yevro–2025 chempionligiga qadar olib kelgan Sarina Vigmaninga topshirildi. Eng yaxshi darvozabon sifatida esa “Chelsi” va Angliya terma jamoasi posboni Xanna Hempton tan olindi.

Ma’lumot uchun, The Best mukofoti sovrindorlari 2024-yil 11-avgustdan 2025-yil 2-avgustgacha bo‘lgan davrdagi o‘yinlar natijalari asosida aniqlandi. G‘oliblar terma jamoalar sardorlari va murabbiylari, muxlislar hamda xalqaro OAV vakillari ovozlari orqali aniqlab olindi.

Farg‘ona viloyati Bog‘dod tumanida tug‘ilganman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Sport jurnalistikasi fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2025-yil dekabr oyidan beri sport muxbiri lavozimida ishlayman va maxsus videomateriallar, tarjima maqolalar hamda xabarlar tayyorlayman. Sevimli filmim “Forrest Gamp”. “Shamol ortidan yugurib” (Xolid Husayniy) romanini yaxshi koʻraman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar