UEFA Chempionlar Ligasining 1/8 final bosqichi dastlabki uchrashuvlariga start berildi. Kun davomida yana ikkita uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
“Budyo-Glimt” — “Sporting”
Norvegiyning Budyo shahrida o‘tkazilgan bahsda “Budyo-Glimt” klubi Portugaliyaning “Sporting” jamoasi ustidan 3:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Uchrashuvning dastlabki daqiqalaridanoq mezbonlar hujumkorlikka urg‘u berdi. 32-daqiqada Sondre Fet penaltidan gol urib, hisobni ochgan bo‘lsa, 45+1-daqiqada Ole Blomberg jamoasining ikkinchi goliga mualliflik qildi.
Ikkinchi bo‘limda ham mezbonlar ustunlikka erishdi. 71-daqiqada Kasper Hogning goli “Budyo-Glimt”ga yirik hisobdagi g‘alabani taqdim etdi.
Norvegiya jamoasi UEFA Chempionlar Ligasi doirasidagi so‘nggi 5 ta uchrashuvni g‘alaba bilan yakunlashga muvaffaq bo‘ldi.
“Budyo-Glimt” — “Sporting” 3:0
Gollar: 1:0 — Fet (pen, 32), 2:0 — Blomberg (40), 3:0 — Hog (71)
“PSJ” — “Chelsi”
Fransiya poytaxti Parij shahridagi “Park de Prens” stadionida kechgan bahsda “PSJ” Angliyaning “Chelsi” jamoasini 5:2 hisobida mag‘lub etdi.
Birinchi bo‘lim teng kurash ostida o‘tdi. 10-daqiqada Bredli Barkolya hisobni ochdi, 28-daqiqada Malo Gyusto muvozanatni tikladi, 40-daqiqada Usmon Dembele Parij jamoasining ikkinchi golini kiritdi.
Ikkinchi bo‘limda londonliklar hujumlar sonini oshirdi. 57-daqiqada Enso Fernandes gol urib, hisobni tenglashtirdi. 74-daqiqada “PSJ” yarim himoyachisi Vitinya jamoasining 3-golini kiritdi. 86 va 90+4-daqiqada Xvicha Kvaratsxelia dubl qayd etib, parijliklarning yirik hisobdagi g‘alabasini ta’minladi.
“PSJ” — “Chelsi” 5:2
Gollar: 1:0 — Barkolya (10), 1:1 — Gyusto (28), 2:1 — Dembele (40), 2:2 — Enso (57), 3:2 — Vitinya (74), 4:2 — Xvicha (86), 5:2 — Xvicha (90+4)
Ushbu juftliklar ishtirokidagi javob uchrashuvlari 18-mart kuni o‘tkaziladi. Ikki o‘yin natijasiga ko‘ra g‘olib jamoalar 1/4 final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.








