Daryo

Qurilish hamda Transport vazirliklarining binolari auksionda sotildi

Qurilish vazirligi binosini 182,4 mlrd so‘mga “O‘zshahar Qurilish Invest” MCHJ , Transport vazirligi binosi esa 187,7 mlrd so‘mga “Samarador” MCHJ xarid qildi.

2 daqiqa o‘qish15 800 ko‘rishlar2 izoh1

Toshkent shahri Shayxontohur tumanida joylashgan ikkita vazirlik binosi sotuvga qo‘yilgan auksion yakunlandi. Bu haqda “E-auksion.uz” platformasida ma’lumot berilgan.

Birinchi lot - Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi binosi Shayxontohur tumani, Abay ko‘chasida joylashgan. Obyektning umumiy maydoni 48 sotixni tashkil etadi.

Bino Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-martdagi 146-sonli qarori hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining 2025-yil 14-noyabrdagi tegishli buyrug‘i asosida auksionga qo‘yilgan.

Foto: “registr.stat.uz”

Auksionda boshlang‘ich narx 130,3 milliard so‘m etib belgilangan, savdo narxni oshirish yo‘li bilan o‘tkazilgan. Binoga 4 kishi xaridor bo‘lgan. Salkam bir soat davom etgan auksionda bino boshlang‘ich bahosidan 4 foizga qimmat narxda, ya’ni 182,4 milliard so‘mga “O‘zshahar qurilish invest” MCHJga sotilgan.

G‘olib 2017-yilda Toshkent shahri, Mirobod tumanida ro‘yxatdan o‘tgan. Kompaniya turar joy binolari qurilishi bilan shug‘ullanadi. Ustav kapitali 1 milliard so‘mni tashkil etadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, korxonaning 100 foiz ulushi Qodirov Nuriddin Toyiyevichga tegishli bo‘lib, uning rahbari Saatov Baxtiyor Mamadayevich rahbari hisoblanadi.

Aniqlik kiritilishicha, “O‘zshahar qurilish invest” MCHJ Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining ma’muriy binosini qulay shartlarda sotib oldi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2019-yil 02-fevraldagi 5666-sonli farmonida belgilangan imtiyozlardan foydalanib, ma’suliyati cheklangan jamiyat binoni ochiq auksion orqali 3 yil (36 oy) davomida bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olgan.

Foto: “Daryo”/ Muhsinbek Islombekov

Ikkinchi lot – Transport vazirligi binosi Shayxontohur tumani, Zulfiyaxonim ko‘chasida joylashgan. Obyektning umumiy maydoni 62 sotixni tashkil etadi. Boshlang‘ich narxi 110,4 milliard so‘m etib belgilangan lot g‘olibligi uchun uch kishi ishtirok etgan.

Bir soatdan ortiq davom etgan auksionda ishtirokchilar 14 marotaba narx taklif qilishgan. Yakuniy natijalarga, binoni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Amudaryo tumanida joylashgan “Samarador” MCHJ 187,7 milliard so‘mga sotib olgan.

Ustav kapitali 25 milliard so‘m bo‘lgan ushbu MCHJ ta’sischisi Mahkamov Baxtiyor Yakubovich hisoblanadi. Baxtiyor Mahkamov Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi yana to‘rtta korxonaning egasi bo‘lib, ulardan ikkitasi yo‘llar va shosselarni qurishga ixtisoslashgan.

Foto: “registr.stat.uz”

“Samarador” MCHJ bundan sakkiz yil avval, 2017-yilning 31-avgust kuni Toshkent shahri, Mirobod tumani, Ming O‘rik MFY, Amir Temur shox ko‘chasi, 19-uydan ro‘yxatdan o‘tgan. 2025-yilning 13-dekabr kuni qayta ro‘yxatdan o‘tib, manzilni o‘zgartirgan.

Voqealar xronologiyasi

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilning mart oyida Yangi Toshkent shahrining qurilishiga tamal toshi qo‘yilgandi. 2024-yil aprelida bu yerda ilk inshootlar qurilishini boshlash marosimi bo‘ldi.

2023-yilning iyulida “Yangi Toshkent shahrini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilingan. 500 ming aholiga mo‘ljallangan Yangi Toshkent shahri Chirchiq va Qorasuv daryolari oralig‘ida barpo etiladi. Yangi Toshkent loyihasini amalga oshirish uchun tanlab olingan hudud — dengiz sathidan 500 metr baland bo‘lib, shaharga yaqinligi, o‘z iqlimi, bahavoligi va ikki daryo o‘rtasida joylashgani bilan noyob hisoblanadi.

Davlat rahbari 2023-yil sentyabrida Yangi Toshkent shahrining bosh rejasi loyihasi bilan tanishganida Yangi Toshkent “aqlli” va “bog‘ shahar” bo‘lishini aytgandi. Davlat idoralari bosqichma-bosqich Yangi Toshkentga ko‘chib boradi.

2025-yil iyun oyida Qurilish va uy-joy xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov Yangi Toshkentda vazirliklarning vaqtinchalik binosini qurish ishlari ketayotganini, yaqinda bir necha vazirlik binolari hududga ko‘chirilishini aytgandi.

Andijondanman. Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Xalqaro Nordik universitetini (magistr) tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri muxbir boʻlib ishlayman va maxsus materiallar, tenderlar, sud hukmlari, tarjimalar bilan shugʻullanaman. 2025-yilda “Oltin qalam” milliy mukofotini olganman. Tarixiy film va seriallarni koʻrishni xush koʻraman. Eng sevimli asarim Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” kitobidir.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar