Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad ibn Salmon “Barselona” futbol klubini sotib olishga qiziqish bildirmoqda. Bu haqda El Chiringuito jurnalisti Fransua Galyardo X (sobiq Twitter) sahifasida ma’lum qilgan.
Manbaga ko‘ra, Muhammad ibn Salmon yaqin vaqt ichida klubni sotib olish bo‘yicha rasmiy taklif bilan chiqishni rejalashtirmoqda. Ehtimoliy kelishuv qiymati 10 milliard yevroga baholanmoqda. Biroq Galyardoning ta’kidlashicha, bitimga klub a’zolari, ya’ni prezident saylovlarida va boshqaruv masalalarida ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar qarshilik ko‘rsatishi mumkin.
Goal nashri xabariga ko‘ra, “Barselona”ni sotib olish hamda moliyalashtirilishini Saudiya Arabistonining Davlat investitsiya jamg‘armasi o‘z zimmasiga olishi mumkin. Ayni paytda kataloniyalik klubning umumiy qarzdorligi 2,5 milliard yevroni tashkil etadi. Muhammad ibn Salmon Saudiya Arabistoni Davlat investitsiya jamg‘armasiga rahbarlik qiladi. Mazkur jamg‘arma 2021-yilda Angliyaning “Nyukasl” klubini sotib olgan, klubning nominal egasi sifatida esa valiahd shahzoda ko‘rsatilgan.
Ma’lumot uchun, “Barselona” klubi 1899-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Ispaniyadagi eng sovrindor jamoa hisoblanadi. Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, “Barselona” dunyodagi eng qimmat besh futbol klubidan biri bo‘lib, uning qiymati 5,6 milliard dollar atrofida baholanadi.








