Toshkentda xotinining 17 yoshli jiyaniga shilqimlik qilgan 52 yoshli erkak 5 sutkaga qamaldi. “Daryo” sud hujjati bilan tanishdi.
Tegishli jinoyat ishi 5-noyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangihayot tuman sudida ko‘rib chiqildi. Aniqlanishicha, 1973-yilda tug‘ilgan M.A. 22-oktyabr kuni mast holatda o‘zining Yangihayot tumani “Yangi turmush” mahallasida joylashgan uyida turmush o‘rtog‘ining 2008-yilda tug‘ilgan jiyani L.ga tegajog‘lik qilib, uni o‘pmoqchi bo‘lgan.
Jabrlanuvchi onasining so‘zlariga ko‘ra, qizi Toshkentda o‘qishi sababli xolasining uyida yashagan. Holat yuz bergan kuni qizi bu haqda yig‘lab aytib bergan.
Ayblanuvchi, o‘z aybiga iqrorlik bildirib, o‘sha kuni spirtli ichimlik iste’mol qilganligi sababli bo‘lgan voqeani to‘liq eslay olmasligini aytgan.
Sud M.A.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 41-1-moddasida (shahvoniy shilqimlik qilish) ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topib, unga nisbatan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosini tayinladi. Shuningdek, qamoqda saqlash xarajatlarini qoplash uchun fuqarodan 309 ming so‘m miqdorida to‘lov undirilishi belgilandi.
Bundan avval Xorazmda oilali ayolga WhatsApp orqali shilqimlik qilgan shaxs 5 sutkaga qamalgandi. Shuningdek, Toshkentda oʻzi bilan bir restoranda ishlovchi 18 yoshli qizga shilqimlik qilgan yigitga sud hukmi oʻqilgandi.
Surxondaryoda ham 16 yoshli qoʻshnisiga mast holatda shilqimlik qilgan erkak 5 sutkaga qamalgandi. U toʻydan mast holatda qaytayotib, qizning yoʻlini toʻsib, uning telefon raqamini soʻragan va qoʻlidan ushlamoqchi boʻlib, shahvoniy harakatlar qilgan.
Boshqa bir holatda esa, Navoiyda mahalla raisi “Ayollar daftariga” kiritishni soʻrab kelgan ayolga shilqimlik qilgandi.








