Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida erkaklar o‘rtasida boks bo‘yicha Jahon chempionati yakunlandi. Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) tomonidan tashkil etilgan ushbu nufuzli musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi safida 13 nafar bokschi ishtirok etdi.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra, o‘zbekistonlik bokschilar 2 ta oltin, 4 ta kumush va 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, yana ikki nafar o‘zbekistonlik bokschi chorak finalgacha yetib borib, 5-o‘rin bilan kifoyalandi.
Joriy yilgi Jahon chempionatining umumiy sovrin jamg‘armasi 8,2 million AQSH dollarini tashkil etdi. Mukofot pullari egallangan o‘rinlarga qarab quyidagicha taqsimlandi:
- Oltin medal — 300 ming AQSH dollari
- Kumush medal — 150 ming AQSH dollari
- Bronza medal — 75 ming AQSH dollari
- 5-o‘rin — 10 ming AQSH dollari
Shu tariqa, O‘zbekiston terma jamoasi vakillari musobaqa davomida umumiy hisobda 1 million 445 ming AQSH dollari miqdoridagi pul mukofotiga ega bo‘ldi.
Qayd etilishicha, ushbu mukofot pullari sportchi, uning murabbiyi hamda O‘zbekiston boks federatsiyasi o‘rtasida taqsimlanadi. Ya’ni mukofotning 50 foizi bokschiga, 25 foizi murabbiyga va yana 25 foizi mamlakat boks federatsiyasiga ajratiladi.
Avvalroq −51 kg vazn toifasida ishtirok etib, faoliyatida ikkinchi bor Jahon chempionligini qo‘lga kiritgan Hasanboy Do‘stmatov musobaqaning eng yaxshi bokschisi deb topilgani xabar qilingan edi. U bunga qadar 2023-yilda Toshkent shahrida o‘tkazilgan IBA Jahon chempionatida hamda 2016-yilgi Rio Olimpiadasida ham ushbu sovringa loyiq ko‘rilgan.








