Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida erkaklar o‘rtasida o‘tkazilayotgan boks bo‘yicha Jahon chempionati davom etmoqda. Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) tomonidan tashkil etilgan musobaqaning yarim final bosqichida O‘zbekiston terma jamoasining 9 nafar bokschi ringga chiqdi. Ularning 6 nafari g‘alaba qozonib, final yo‘llanmasiga ega chiqqan bo‘lsa, 3 nafar bokschi mag‘lubiyatga uchradi va bronza medaliga ega chiqdi.
Dastlab, -75 kg vazn toifasida qozog‘istonlik Sabirjan Akkalikovga qarshi ringga chiqishi kerak bo‘lgan Fazliddin Erkinboyev jarohat tufayli jangda qatnashmaydigan bo‘ldi. Shu bilan Erkinboyev yarim finalda o‘z yurishini yakunladi va bronza medaliga ega chiqdi. Kunning ikkinchi jangida ham o‘zbekistonlik bokschi mag‘lubiyatga uchratdi. -54 kg vaznda Asilbek Jalilov rossiyalik Viacheslav Rogozinga 0:5 hisobida mag‘lub bo‘lib, O‘zbekiston delegatsiyasi hisobiga ikkinchi bronza medalini yozdirib qo‘ydi. Shuningdek, -57 kg vazn toifasida Xo‘janazar Nortojiyev ham mag‘lub bo‘ldi. U Yarim finalda tojikistonlik Xusravxon Rahimovga 0:5 hisobida imkoniyatni boy berdi.
-60 kg vaznda ringga chiqqan Abdumalik Halokov yarim finalda armanistonlik Artur Bazeyanini 5:0 hisobida yengib, dastlabki finalchiga aylandi. -67 kg vazn toifasida Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev moldovalik Aleksandru Paraschivni 5:0 hisobida mag‘lub etib, final yo‘llanmasiga ega chiqdi. Hasanboy Do‘stmatov ham finalda ishtirok etadi. -51 kg vazn toifasida ringa chiqadigan o‘zbekistonlik bokschi yarim finalda armanistonlik Rudolf Garboyani 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. -80 kg vaznda Javohir Ummataliyev kubalik ikki karra Olimpiada chempioni Arlen Lopesni 5:0 hisobida yengib, 4-finalchiga aylandi.
Shuningdek, kunning ikkinchi qismida -92 kg vaznda ringga chiqadigan To‘rabek Habibullayev Ozarbayjon sharafini himoya qilayotgan Alfons Domingesni 5:0 hisobida mag‘lub etdi. Kunning so‘nggi jangida Arman Maxanov ham finalga chiqdi. U +92 kg vazn toifasida armanistonlik Davit Chaloyanni 5:2 hisobida yengdi.
Shu tariqa, O‘zbekiston terma jamoasining 3 nafar bokschisi bronza medaliga ega chiqdi. Yana 6 nafar a’zosi final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Hal qiluvchi bahslar 13-dekabr sanasida bo‘lib o‘tadi.








