Daryo

“Oʻzbekistonda dori vositalari bilan bogʻliq juda katta korrupsion mexanizm shakllangan” — Abdulla Azizov

Farmatsevtika agentligi rahbarining ta’kidlashicha, mamlakatga olib kirilayotgan dori vositalarining yarmidan koʻpi faqat Oʻzbekiston uchun ishlab chiqarilgan. Distribyutorlar yoki dori sotuvchilar shifokorlarga qoʻshimcha pul berish yoki qanaqadir boshqa usullar orqali ularni oʻzining dori vositasini yozishga oʻrgatgan.

3 daqiqa o‘qish34 285 ko‘rishlar0 izoh58

Oʻzbekiston hududiga Qozogʻistonga nisbatan ikki baravar koʻp dori vositalari kirib kelmoqda. Bu haqda Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov dori vositalarini elektron retsept bilan berish tartibiga bagʻishlangan matbuot anjumanida maʼlum qildi.

Anjumanda Abdulla Azizov retsept bilan beriladigan dori vositalari boʻyicha Oʻzbekistondagi mavjud muammolarning bir nechtasini sanab oʻtdi.

Hozirgi kunda Oʻzbekistonda retseptli beriladigan dori vositalari turi 11 ming 825 tani tashkil etadi. Oʻnta reyestr mavjud referent davlatlar tajribasini oʻrganib chiqdik. Masalan, Turkiyadek katta davlatda 11 ming 691 ta dori vositasi mavjud. Qoʻshni Qozogʻistonda esa dori vositalari bizdan ikki baravar kam. Bundan ham achinarlisi, Rossiyada ham mamlakatimizdan kamroq — 9 ming 112 ta dori vositasi retseptura dori vositalari reyestriga kiritilgan, dedi Farmagentlik rahbari.

​Uning alohida taʼkidlashicha, mamlakatga olib kirilayotgan dori vositalarining yarmidan koʻpi faqat Oʻzbekiston uchun ishlab chiqarilgan.

Bizga 7 ming 599 ta xorijiy dori vositasi import qilinadigan boʻlsa, shundan 4971 tasi faqat Oʻzbekiston uchun ishlab chiqarilgan. Chunki biz oʻrgangan 10 ta davlatning ichida buncha dori turlari umuman topilmagan. Bu degani, import qilinayotgan 65 foiz dori vositalari faqat Oʻzbekiston uchun ishlab chiqarilgan. Bu juda ham yomon koʻrsatkich. Agar Turkiyani ham koʻradigan boʻlsak, Turkiyada bunday koʻrsatkich 2 foizdan kam, bizda esa bu 65 foiz. Bundan shunday tushuncha paydo boʻladiki, Oʻzbekistonda dori vositalari bilan bogʻliq boʻlgan juda katta korrupsion mexanizm shakllangan.

Import qilinayotgan dori vositalari, asosan, Hindiston hissasiga toʻgʻri keladi. Biz yuqorida aytgan faqat Oʻzbekiston uchun ishlab chiqariladigan dorilarning yarmi — 4971 tadan 2483 tasi Hindistondan keladi. Yaʼni Hindistonda ishlab chiqarilayotgan dori vositalari, asosan, Oʻzbekiston uchun ishlab chiqariladigan dori vositasi boʻlib qoladi. Boshqa qoʻshni davlatlarga yoki biz tadqiq etgan 10 ta davlatda bu dori vositasini topish mumkin emas. Koʻrinadiki, korrupsion mexanizm rivojlanib ketgan. Distribyutorlar yoki dorini sotuvchilar oʻzimizning vrachlarga qoʻshimcha pul berish orqali yoki qanaqadir boshqa usullar orqali ularni oʻzining dori vositasini yozishga oʻrgatgan. Bu yangi narsa emas, oxirgi yigirma yillar davrida shakllangan. Bizning hozir oldimizdagi eng birinchi maqsad — mana shu 4971 ta dori vositasini keskin kamaytirish va Oʻzbekistonga sifatli dori vositalarini olib kelishni taʼminlash, dedi Abdulla Azizov.

“Elektron retsept” tizimi haqida

10-dekabrdan Toshkent hamda Oʻzbekistonning 15 ta tuman va shahrida dorilarni elektron retsept asosida berish boshlandi. Ammo yangi tizim dastlabki kunlardanoq tibbiyot mutaxassislari va jamoatchilik tanqidiga sabab bo‘ldi.

Shundan so‘ng, 12-dekabr kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi retseptsiz beriladigan dori vositalari haqida ma’lumot berdi. “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunga muvofiq, retseptsiz beriladigan dori vositalari haqidagi axborot dori vositalarining tibbiyotda qo‘llanilishiga doir yo‘riqnomalarda hamda Tibbiyot amaliyotida qo‘llanishiga ruxsat etilgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika davlat reyestrida joylashtirib boriladi.

“Elektron retsept” tizimini joriy etishdan koʻzlangan asosiy maqsad — davolash xavfsizligini oshirish va bemorlar salomatligini himoya qilish, shifokorlarning dori tayinlashdagi mas’uliyatini kuchaytirish, dori vositalarini tayinlash jarayonini tartibga solish, sogʻliqni saqlash tizimida raqamli hisobga oʻtish, shuningdek, kontrafakt yoki notoʻgʻri qoʻllanayotgan dori vositalari aylanmasi bilan bogʻliq xavflarni kamaytirishdan iborat.

Oʻzbekistondanman. Milliy universitetning jurnalistika fakultetida toʻrt yil amallab yurganman. Jurnalist boʻlish uchun diplom shart emas. “Daryo”da 2019-yildan beri xabar yozishga harakat qilaman. Sharof Boshbekovning “Yuzsiz” filmi qayta koʻrishga arziydi. Ulugʻbek Hamdamning “Badiiy tafakkur tadriji” kitobi soʻz haqidagi fikrlarimni parchalab tashlagan.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar