Daryo

FIFA prezidenti JCH-2026 bilan bog‘liq rekord ko‘rsatkichlarni ma’lum qildi

Turnir doirasida 16 ta stadionda jami 104 ta uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Musobaqani stadionlardan taxminan 7 million muxlis tomosha qilishi, televideniye orqali esa dunyo bo‘ylab 6 milliardga yaqin tomoshabin kuzatishi kutilmoqda.

1 daqiqa o‘qish3 713 ko‘rishlar0 izoh0

FIFA prezidenti Janni Infantino Shveysariyaning Davos shahrida o‘tkazilgan Jahon iqtisodiy forumida nutq so‘zlab, 2026-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati bilan bog‘liq rekord ko‘rsatkichlarni ma’lum qildi.

Infantinoning ta’kidlashicha, 2026-yilgi mundial tarixda ilk bor 48 ta jamoa ishtirokida o‘tkaziladi. Turnir doirasida 16 ta stadionda jami 104 ta uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Musobaqani stadionlardan taxminan 7 million muxlis tomosha qilishi, televideniye orqali esa dunyo bo‘ylab 6 milliardga yaqin tomoshabin kuzatishi kutilmoqda.

“Bu musobaqada dunyodagi har to‘rtinchi terma jamoa qatnashadi. Stadionlarda qariyb 7 million muxlis bo‘lishi kutilmoqda, televideniye orqali esa o‘yinlarni 6 milliardga yaqin tomoshabin kuzatadi. Stadionga keladigan muxlislar bir oy ichida 104 ta Superkubok o‘yinini qilishi mumkin bo‘ladi”, deydi Infantino.

FIFA rahbari chipta savdosi bilan bog‘liq statistikaga ham alohida to‘xtaldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, chiptalarning birinchi savdo bosqichi to‘rt hafta avval boshlangan bo‘lib, shu vaqt ichida 500 milliondan ortiq ariza kelib tushgan. Taqqoslash uchun, Jahon chempionatlarining 100 yillik tarixida jami 50 millionga yaqin chipta sotilgan. 2026-yilgi mundial uchun esa atigi bir oy ichida ming yillik tarixga teng miqdorda so‘rovlar qayd etilgan.

“Odamlar Jahon chempionatida qatnashish bilan birga sayohat qilishni va yaqinlari bilan vaqt o‘tkazishni ham istamoqda”, deya qo‘shimcha qildi FIFA rahbari.

Eslatib o‘tamiz, futbol bo‘yicha 2026-yilgi Jahon chempionati 11-iyundan 19-iyulgacha AQSH, Kanada va Meksika mezbonligida o‘tkaziladi. Unda Fabio Kannavaro boshchiligidagi O‘zbekiston terma jamoasi ham o‘z tarixida ilk marta mundialda ishtirok etadi. “Oq bo‘rilar” Portugaliya, Kolumbiya hamda pley-off orqali yo‘llanma oladigan jamoa (Kongo, Yangi Kaledoniya hamda Yamayka) bilan “K” guruhidan joy olgan. 

Qashqadaryo viloyatidanman. O’zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Bosma OAV fakulteti, Sport jurnalistikasi yo‘nalishini tugatganman. “Daryo”da 2025-yilning mart oyidan beri ishlayman va xabarlar hamda tahliliy maqolalar yozaman. Har yili Qozog‘istonning “Hokim” kinosini kamida bir marta ko‘raman. Said Ahmadning “Ufq” trilogiyasini sevib o‘qiyman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar