Afgʻonistondan Tojikistonga 26-noyabr kuni qurolli hujum uyushtirilishi oqibatida Xitoyning besh nafar fuqarosi halok boʻlgandi. Mazkur hodisa tufayli Xitoy “Tolibon” harakatidan “jiddiy tergov” o‘tkazishni talab qildi.
BMT Xavfsizlik kengashida nutq so‘zlagan Xitoy vakili Fu Kung Afg‘oniston hukumatiga shunday talab qo‘ydi. U Xitoy fuqarolarining o‘ldirilishini qoraladi.
Tojikiston rasmiylariga ko‘ra, Afg‘oniston hududidan mamlakatning chegara hududlariga jami ikkita hujum uyushtirilgan. Oqibatda 5 nafar Xitoy fuqarosi halok bo‘lgan, yana 5 nafari yaralangan. Qurbonlar “Shohin SM” mas’uliyati cheklangan jamiyat xodimlari bo‘lgan. Fu Kung holat yuzasidan Tojikiston va “Tolibon”ni chegaralarda nazoratni kuchaytirishga chaqirdi.
Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon esa olis tog‘li chegara bo‘ylab sodir bo‘lgan voqealar ortidan chegara nazoratini kuchaytirishni buyurdi. Xitoy Markaziy Osiyodagi 11 millionga yaqin aholiga ega Tojikistonning yirik investori hisoblanadi. Xitoy vakili barqarorlikni ta’minlash uchun mintaqa davlatlari bilan hamkorlik qilishga tayyorligini aytdi. Tojikiston Afg‘oniston hududidan uyushtirilgan hujumlarni keskin qoralab, “Tolibon”dan ularga aloqadorlarni hibsga olishni talab qilgandi.“Islom amirligi chegara xavfsizligini kuchaytirish, qo‘shma tekshiruvlar o‘tkazish va muvofiqlashtirishning har qanday shakli bilan shug‘ullanishga to‘liq tayyor”, degan edi Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligi.








