Afgʻonistondan Tojikistonga 26-noyabr kuni qurolli hujum uyushtirilishi oqibatida Xitoyning besh nafar fuqarosi halok boʻlgandi. “Tolibon” mazkur holat yuzasidan Tojikiston bilan chegarasida xavfsizlikni kuchaytirishga va’da berdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiy tojikistonlik hamkasbi bilan suhbatda holatdan afsusda ekanini bildirdi. U Kobul chegara kuchlari bilan hamkorlikda ishlashga tayyorligini aytib, “g‘arazli unsurlarga qarshi qo‘shma choralar ko‘rish dolzarb zarurat” ekanini taʻkidladi.
“Islom amirligi chegara xavfsizligini kuchaytirish, qo‘shma tekshiruvlar o‘tkazish va muvofiqlashtirishning har qanday shakli bilan shug‘ullanishga to‘liq tayyor”, deyiladi Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi paytlarda ikki davlat o‘rtasida “ishonch muhiti” shakllangan va bunga putur yetmasligi zarur. Tojikiston rasmiylari 1-dekabr kuni dronlardan granata tashlanishi bilan bog‘liq hujumda besh nafar xitoylik ishchi ham jarohatlanganini aytdi. Xitoy elchixonasi qurbonlar borligini tasdiqladi va Xitoy fuqarolarini chegara hududini tark etishga chaqirdi.
Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon olis tog‘li chegara bo‘ylab sodir bo‘lgan voqealar ortidan chegara nazoratini kuchaytirishni buyurdi. Xitoy Markaziy Osiyodagi 11 millionga yaqin aholiga ega Tojikistonning yirik investori hisoblanadi. Qurbonlar “Shohin SM” mas’uliyati cheklangan jamiyat xodimlari boʻlgan.








