Daryo

G‘azo sektori aholisi asta-sekin shimolga qaytmoqda

G‘azoning janubiy qismidan sektorning shimoliy qismiga va aksincha harakatlanish Rashid qirg‘oq yo‘li va Salohiddin shossesi bo‘ylab ruxsat etilgan.

2 daqiqa o‘qish2 201 ko‘rishlar0 izoh2

Isroil mudofaa armiyasi (SAHAL) G‘azo sektori aholisining anklavning shimoliy qismiga qaytishiga ruxsat berganini, biroq faqat belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha qaytish mumkinligini ma’lum qildi. Bu haqda The Times of Israel gazetasi SAHALning rasmiy vakili Avaixay Adraining bayonotiga asoslanib xabar bermoqda.

Yaqin Sharq OAVning ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azodagi kuzatuvchilar ilgari ko‘chirilgan aholining asta-sekin anklavning shimoliy hududlariga qaytayotganini xabar qilmoqda.

Adraining aytishicha, G‘azoning janubiy qismidan sektorning shimoliy qismiga va aksincha harakatlanish Rashid qirg‘oq yo‘li va Salohiddin shossesi bo‘ylab ruxsat etilgan. 

SAHAL falastinliklarni kelishuv doirasida Isroil armiyasi kuchlari joylashgan hududlarga yaqinlashmaslik haqida ogohlantirdi. Qo‘shinlar qisman olib chiqilganidan so‘ng, Isroil Mudofaa kuchlari hozirda G‘azo sektori hududining yarmidan ko‘prog‘ini nazorat qilmoqda. Uning asosiy qismi shahar hududlaridan tashqarida joylashgan.

Bunga G‘azo chegarasi bo‘ylab to‘liq bufer zonasi, shu jumladan Misr va G‘azo o‘rtasidagi chegara zonasi bo‘lmish Filadelfiya yo‘lagi, shuningdek, sektorning eng shimolida joylashgan Bayt-Xanun va Bayt-Lahiya, G‘azo shahrining sharqiy chekkasidagi qirlar hamda G‘azo janubidagi Rafah va Xon Yunusning katta qismlari kiradi. 9-oktyabr kuni Isroil va HAMAS radikal harakati Misr vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Kelishuv 10-oktyabr kuni Isroil qo‘shinlari G‘azo sektoridan qisman olib chiqilganidan so‘ng kuchga kirdi.

Hujjatga ko‘ra, tomonlar jangovar harakatlarni butunlay to‘xtatish va garovga olinganlar hamda mahbuslarni almashish uchun xavfsiz sharoitlarni ta’minlash majburiyatini oladi.

HAMAS kelishuv doirasida garovga olingan 48 kishini, jumladan, halok bo‘lgan isroilliklarning jasadlarini topshirishi kerak. Bunga javoban Isroil 2 mingga yaqin falastinlik mahbusni ozod qiladi, ularning orasida 250 ga yaqini umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan, shuningdek, G‘azodagi jangovar harakatlar paytida qo‘lga olingan bir necha yuz kishi bor.

Kelishuvni amalga oshirish boshlangandan so‘ng, SAHAL o‘z bo‘linmalarining bir qismini sektor ichidagi bir qator pozitsiyalardan olib chiqishi va asosiy xavfsizlik chegaralari ustidan nazoratni saqlab qolishi kerak. Qo‘shinlarning olib chiqilishi G‘azoning kelgusi maqomi va demilitarizatsiya choralarini muhokama qilishni nazarda tutuvchi kengroq tartibga solish jarayonining birinchi bosqichi hisoblanadi.

Bundan avval AQSH prezidenti Donald Tramp yakshanba kuni Yaqin Sharqqa kelib, o‘z tinchlik rejasi asosida Isroil va HAMAS o‘rtasida erishilgan kelishuvlarning bajarilishini shaxsan kuzatishi xabar qilingandi.

Andijondanman. Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Xalqaro Nordik universitetini (magistr) tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri muxbir boʻlib ishlayman va maxsus materiallar, tenderlar, sud hukmlari, tarjimalar bilan shugʻullanaman. 2025-yilda “Oltin qalam” milliy mukofotini olganman. Tarixiy film va seriallarni koʻrishni xush koʻraman. Eng sevimli asarim Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” kitobidir.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar