Daryo

Pokiston va Afg‘oniston chegarasida otishma yuz berdi: qurbonlar yoʻq

So‘nggi ikki oy ichidagi beshinchi to‘qnashuvda tomonlar bir-birini ayblamoqda.

2 daqiqa o‘qish10 597 ko‘rishlar0 izoh0

Pokiston va Afgʻoniston kuchlari oʻrtasida 5-dekabr kuni ikki mamlakatning ziddiyatli chegarasida otishma yuz berdi. Hodisada hech qanday talafot yoki qurbonlar qayd etilmadi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, ikki oy davomida amalda boʻlib kelayotgan otashkesim sulhga qaramay tomonlar otishma sodir etgan va bu beshinchi to‘qnashuv hisoblanadi. Unda har ikki tomon bir-birini ayblamoqda. Otishma Pokiston BMTning gumanitar yordam yuklarini Afgʻonistonga Chaman va Torxam chegara punktlari orqali yuborishga ruxsat berishini eʼlon qilganidan bir kun oʻtib sodir boʻlgan. Ushbu oʻtish joylari keskinlik kuchayishi fonida qariyb ikki oydan beri yopilgan edi.

Tomonlarning daʼvolari

Mahalliy Pokiston politsiyasi rasmiysi Muhammad Sodiqning daʼvo qilishicha, otishma Afgʻoniston tomonidan boshlangan. Uning soʻzlariga koʻra, Pokiston harbiylari Chaman chegara oʻtish joyi yaqinida javob oʻti bilan harakat qilgan. Chaman muhim tranzit yoʻnalish hisoblanadi.

Afgʻonistonning “Tolibon” harakati Chaman chegara punkti boʻylab sababsiz oʻt ochishga urindi. Pokiston kuchlari mamlakat hududiy yaxlitligi va fuqarolari xavfsizligini taʼminlaydi, degan Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharifning matbuot kotibi Mosharraf Zaidi X ijtimoiy tarmogʻida.

Ayni paytda, “Tolibon” hukumati vakili Zabihulloh Mujohid otishmani boshlashda Pokistonni ayblamoqda.

Afsuski, bugun kechqurun Pokiston tomoni yana bir bor Qandahorning Spin Boldak tumanida Afgʻonistonga hujum qildi va Islom Amirligi kuchlarini javob berishga majbur qildi, deb yozgan Mujohid X'da.

Afgʻon chegara politsiyasi vakili Abidulloh Faruqi esa Pokiston kuchlari birinchi boʻlib Afgʻoniston tomonidagi Spin Boldak chegara hududiga qoʻl granatasi otganini va bu javob berishga sabab boʻlganini aytgan. U, shuningdek, Afgʻoniston sulhga sodiq qolishini bildirgan.

Oktyabr oyida yuz bergan chegara toʻqnashuvlari oqibatida ikki tomondan ham oʻnlab askarlar, tinch aholi vakillari va jangarilar halok boʻlgan, yuzlab odamlar yaralangan edi. Bu zoʻravonlik Kobulda 9-oktyabr kuni sodir boʻlgan portlashlardan soʻng avj olgan, oʻshanda “Tolibon” hukumati portlashlarda Pokistonni ayblab, qasos olishga vaʼda bergan edi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar