Shavkat Mirziyoyev 4-dekabr kuni Sirdaryo viloyatiga tashrifi davomida Gulistondagi barcha ko‘p qavatli uylar ta’mirlanib, hududi obodonlashtirilgan “Boʻston” mahallasini borib koʻrdi.
Prezident matbuot xizmatining xabar qilishicha, davlat rahbari dastlab shu yerda mahalla faollari, nuroniylar va yoshlar bilan suhbatlashdi.
“Mahalla – jamiyatning yuzi. Mamlakatdagi barcha o‘zgarishlar, avvalo, shu yerda o‘z ifodasini topadi. Biz shunday tizim yaratdikki, ilgari jiddiy deb hisoblagan ko‘plab masalalarimizga yechimni aynan mahallaning o‘zida topyapmiz. Bu institutga e’tiborni yanada kuchaytirishda davom etamiz”, dedi prezident.
Issiqlik taʼminotini yaxshilash maqsadida 18 milliard soʻm hisobiga zamonaviy qozonxona va 3,3 kilometr issiqlik tarmoqlari qurildi. Koʻp qavatli uylarda 23 ta individual issiqlik punktlari oʻrnatilib, “yopiq” tizim tashkil etildi. Mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan hududdagi 800 ta xonadonli 20 ta koʻp qavatli uyning ichki issiqlik tizimlari qayta tiklandi. 1 ta bogʻcha markazlashgan issiqlik energiyasi va issiq suv bilan taʼminlandi. Yangi qozonxona qurilishi natijasida 144 ming kilovatt-soat elektr va 627 ming kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinadi.
Davlat rahbari koʻp qavatli uylarda yashovchi aholi uchun qulay shart-sharoit yaratishga qaratilgan bu ishlarni davom ettirish, qozonxonalarni qurish va ulardan foydalanishda zamonaviy texnologiyalarni qoʻllash, malakali mutaxassislarni jalb etish boʻyicha zarur koʻrsatmalar berdi.
Shu yerning oʻzida “yettilik” vakillari va nuroniylar bilan mahalla hamda viloyat hayotida boʻlayotgan oʻzgarishlar xususida suhbat boʻldi.
Oʻzbekiston prezidentining Sirdaryo viloyatida infratuzilmani rivojlantirishga doir qarori asosida hududda 215 ta koʻp qavatli uyni qamrab olgan maxsus manzilli roʻyxat shakllantirilgan. Ushbu dastur doirasida uylarning tom va fasad qismlarini taʼmirlash, issiqlik taʼminotini yaxshilash, muhandislik kommunikatsiya tarmoqlarini yaxshilash hamda atrof-muhitni obodonlashtirish ishlari rejalashtirilgan.
Prezident viloyatga tashrifini Sirdaryo tumanidagi infuzion dori vositalarini ishlab chiqaruvchi River Med Pharm korxonasidan boshlagandi. So‘ng “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasida qadoqlash mahsulotlari ishlab chiqaradigan korxona — Invest Asia korxonasida boʻlib, amalga oshirilayotgan texnologik jarayonlarni koʻzdan kechirdi. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Sirdaryo viloyati filialida bo‘lib, Gulistondagi portlashdan jarohatlanganlardan xabar oldi.








